Sel-suv toshqinlari oqibatlarini bartaraf etish ishlarida 10 ming hasharchi ishtirok etmoqda

Xabar berilganidek, kuni-kecha Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Qumqo‘rg‘on tumanidagi sel-suv toshqinlaridan talofat ko‘rgan mahallalarda bo‘lib, viloyatning barcha hududlaridan hasharchilar va maxsus texnikalarni jalb qilish, ishlarni jadallashtirish topshirig‘ini bergan edi.

Bugun topshiriqqa muvofiq “Elobod”, “Yangishahar”, “Bog‘aro” va “Azlarsoy” mahallaridagi 61 ta ko‘cha shahar va tumanlarga biriktirildi. Hududlardan 10 mingga yaqin hasharchi, 200 dan ortiq yuk mashinalari, 100 ga yaqin maxsus transport vositalari, 50 ta motopompa vositalari jalb qilingan.

Hashar ishlari avvalida viloyat rahbari mutasaddilar, shahar va tumanlardan jalb qilingan ko‘ngillilar bilan uchrashib, aholi yashashi uchun zarur sharoitlarni yaratish va talafot ko‘rgan hududlarni obod maskanga aylantirish bo‘yicha belgilab olingan chora-tadbirlar bilan tanishtirdi.

Amalga oshirilgan say-harakatlar natijasida bugun ertalabdan hozirga qadar 130 dan ortiq xonadonlardagi loyqa suvlar maxsus texnikalar va motopompalar yordamida tozalandi, 12 ta ko‘chadagi 12 km ichki yo‘llar shag‘allashtirilib, ta’mirlandi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limlari xodimlari tomonidan suv va loyqalardan tozalangan 3 mingdan ortiq ob’ektdan, xususan, aholi xonadonlari, oshxona va yordamchi binolari, ijtimoiy soha ob’ektlarida hamda 2,5 mingga yaqin suv hovuzlarida dezinfeksiyalash ishlari amalga oshirildi.

Shuningdek, aholi qaramog‘idagi 100 dan ortiq chorva mollari xavfsiz hududlarga olib o‘tilib, veterinariya xizmatlari ko‘rsatildi. Tozalangan va tartibga keltirilgan ko‘chalar bo‘ylab, 1 mingdan ortiq, mavsumga mos daraxt va buta ko‘chatlari o‘tqazildi.

Ayni vaqtda Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Milliy gvardiya boshqarmalari boshliqlari, shahar va tumanlar hokimlari rahbarligida biriktirilgan ko‘chalar bo‘ylab, tozalash-ta’mirlash, obodonlashtirish, ko‘chalarni tartibga keltirish va daraxt ko‘chatlari ekish ishlari davom etmoqda.

Bundan tashqari, kelgusida sel-suv toshqinlarining oldini olish, yopilib qolgan sel yo‘llarini ochish, yangilarini tashkil etish, to‘rtta mahallada ham ishlarni tizimli, bosqichma-bosqich sifatli amalga amalga oshirgan holda, aholini yashash manzillariga qaytarish, ularga zarur sharoitlarni yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.