Tatariston rahbari Termiz tumanida ishlab chiqarish korxonasi va logistika markazi faoliyati bilan tanishdi

Tatariston Respublikasi Raisi Rustam Minnixanov rahbarligidagi delegatsiya viloyatimizga tashrifini davom ettirmoqda. Mehmonlar Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hamrohligida Termiz tumanida joylashgan “Termiz National Carpets” MChJning gilam mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan tanishishdi.

Umumiy qiymati 236 mlrd so‘m bo‘lgan mazkur korxona tomonidan yiliga 2,2 mln kvadrat metr gilam mahsulotlari ishlab chiqariladi. Mahsulotlarning 55 foizi ichki bozorga, 45 foizi qo‘shni davlatlarga, xususan, Afg‘oniston, Tojikiston va Qirg‘izistonga eksport qilinmoqda. Tatariston rahbariga ishlab chiqarish jarayonlari hamda tayyor mahsulotlar tanishtirildi.

Shundan so‘ng, Tatariston delegatsiyasi Rossiyaning “LETO” korxonasi ta’sischiligidagi "TERMIZ AGRO IMPEX" MChJ xorijiy korxonasi tomonidan tashkil etilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, saqlash, saralash va eksportga yo‘naltiruvchi logistika markazi faoliyati bilan tanishishdi.

Umumiy maydoni 10 gektar bo‘lgan markazda 3 gektar issiqxona, 4 gektar ochiq maydonlar hamda 3 ming metr kvadrat muzlatgichli omborxona tashkil etilgan. Issiqxona va ochiq maydonlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, xususan, brokkoli, karam, ko‘katlar, rozmarin, pomidor va bodring yetishtiriladi. Logistika markazi joriy yil yakuniga qadar 2,5 mln dollarlik mahsulotni eksport qilishni rejalashtirgan.

Mahsulot yetishtirish, saqlash va eksportga tayyorlash jarayonlari Tatariston rahbarida katta qiziqish uyg‘otdi hamda vazirlari va mas’ullariga vohamiz tadbirkorlari bilan hamkorlikda ushbu yo‘nalishdagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha vazifalarni topshirdi. Ikki tomon vakillari ham o‘zaro hamkorlikdan manfaatdor ekanliklarini qayd etishdi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.