Surxondaryoda 2024-yilgi g‘alla hosili o‘rim-yig‘imi mavsumiga tayyorgarlik boshlandi

Mamlakatimizning eng janubida joylashgan vohamizga bahorning issiq kunlari ertaroq kelishi, ko‘plab qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining pishib yetilishini ta’minlaydi. Jumladan, rizq-ro‘zimiz bo‘lgan g‘alla hosilini yig‘ishtirib olish ham boshqa hududlarga qaraganda barvaqt boshlanadi.

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov rahbarligida Jarqo‘rg‘on tumanida 2024-yilgi g‘alla hosili o‘rim-yig‘imi mavsumi oldidan seminar o‘tkazildi. Unda boshqa tumanlar ham onlayn ishtirok etishdi.

Viloyat rahbari dastlab, g‘alla o‘rim-yig‘imi mavsumini uyushqoqlik bilan sifatli o‘tkazish maqsadida tuzilgan otryadlar hamda ularga biriktirilgan kombaynlar va texnikalar shayligini ko‘zdan kechirdi. Markaziy va hududidiy studiyalardan ishtirok etayotgan otryadlar a’zolari hamda mexanizatorlarga avans pullari, oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.

Mavsumni sifatli va samarali o‘tkazish, hosilni nes-nobud qilmasdan, o‘z vaqtida yig‘ishtirib olish bo‘yicha tuman hokimlari hamda soha mutasaddilariga vazifalar belgilab berildi. Shuningdek, studiyalardan hududlar rahbarlari chigit ekish ishlarining borishi bo‘yicha axborot berishdi.

Ma’lumot uchun, viloyatimizda 2024-yil hosili uchun 90 ming gektar maydonga g‘alla ekilgan bo‘lib, joriy yilda vohamiz g‘allakorlari 650 ming tonna xirmon yaratishni maqsad qilishgan. O‘rim-yig‘im mavsumi uchun 142 ta otryad tashkil etilib, ularga 284 ta kombayn biriktirilgan.

 

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.