Jarqo‘rg‘on tumanida “Sayxunobod tajribasi”ni joriy etish ishlari bilan tanishildi

Jarqo‘rg‘on tumani viloyatda iqtisodiy salohiyati, sanoat korxonalari hamda ishlab chiqarish quvvatlari bilan oldingi qatorlarda turishi bilan birga aholisi tomorqadan samarali foydalanish borasida ham yaxshi tajribaga ega.

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov aholining issiqxonachilik, asalarichilik, chorvachilik va parrandachilikdagi tajribasi hamda korxonalar faoliyati bilan tanishish, shuningdek, tumanda “Sayxunobod tajribasi”ni joriy etish ishlarini o‘rganish maqsadida Jarqo‘rg‘on tumaniga tashrif buyurdi.

Dastlab, tumanning “Eski qishloq” mahallasida “Amuzang jilolari” hududini asalarichilikka ixtisoslashtirish maqsadida tajribali asalarichilar hamda tashabbuskorlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda hududni asalarichilikka ixtisoslashtirish borasida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimot qilindi. Mas’ullarga tashabbuskorlarning ehtiyojini o‘rganib, bir oy muddatda zarur asalari oilalarini yetkazib berish vazifasi topshirildi.

Shundan so‘ng, “Markaziy Surxon” mahallasida joylashgan “Orland TSB” MChJning inkubatorda jo‘ja ochirish loyihasi bilan tanishildi. Shuningdek, MChJga tegishli binoda ijara asosida faoliyat yuritayotgan tikuvchilik sexi faoliyati ham ko‘zdan kechirildi. Viloyat rahbari tadbirkorga korxonalar faoliyatini kengaytirish bo‘yicha zarur tavsiyalarni berdi.

Vilot rahbari “O‘rikli” mahallasida “Sayxunobod tajribasi” asosida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, adirlikdagi bo‘sh maydonlarning 4 gektarini foydalanishga kiritib, mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan Mirkomil Tog‘aevning bodomzor, limonchilik va issiqxonachilik loyihalari bilan ham tanishdi. Tadbirkorning faoliyati e’tirof etilib, limon ko‘chatlari ekildi.

Hududda foydalanishga kiritish uchun yetarli maydonlar mavjudligini inobatga olib, o‘zlashtirilgan yerlarda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, aholining issiqxonachilik, chorvachilik va parrandachilik tajribalari, tomorqadan samarali foydalanish ishlari ham ko‘zdan kechirildi. Aholi vakillari bilan muloqotda yerdan unumli foydalanib, daromad olish tajribasini o‘rganish lozimligi, bu orqali yoshlarimizning uzoq xorijiy davlatlarga borib, qora mehnat bilan shug‘ullanishiga hojat qolmasligi ta’kidlandi.

Mahallaga tashrif davomida hududdagi qabriston ham ko‘zdan kechirilib, obodonlashtirish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.

1 izoh

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.