Bayramga tuhfa: Termiz davlat universitetida talabalar turar joyi, Ilmiy-tadqiqot markazi hamda sport majmuasi foydalanishga topshirildi

Eng ulug‘ va eng aziz ayyom – mustaqilligimizning o‘ttiz uch yilligi arafasida vohamizning barcha hududlarida ijtimoiy, iqtisodiy va sanoat sohalari obyektlari, turar joylar foydalanishga topshirilmoqda. Aholi turmush farovonligiga xizmat qiladigan maskanlar ishga tushirilmoqda.

Xususan, bugun Termiz davlat universitetida bir yo‘la uch obyekt – 700 o‘rinli Talabalar turar joyi, 750 o‘rinli Ilmiy-tadqiqot markazi hamda Sport majmuasi foydalanishga topshirildi. Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, yig‘ilganlarni istiqlol ayyomi bilan qutladi hamda oliygoh professor-o‘qituvchilari va talabalarni yangi ob’ektlar ochilishi bilan tabrikladi.

Viloyat rahbari faxriy professor-o‘qituvchilar, universitet rahbariyati, nuroniylar hamda talabalar bilan foydalanishga topshirilgan binolarda yaratilgan sharoitlar hamda universitet faoliyatini yanada rivojlantirishga xizmat qiladigan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Ma’lumot uchun, 700 o‘ringa mo‘ljallangan 9 qavatli talabalar turar joyining umumiy qiymati 31 mlrd so‘m bo‘lib, 50 foiz davlat subsidiyasi va 50 foiz universitet mablag‘lari hisobidan bunyod etilgan. Ilmiy-tadqiqot markazini 7 qavatli 750 o‘rinli binosining umumiy qiymati 26,6 mlrd so‘mni tashkil etadi. Shuningdek, eng zamonaviy sharoitlar bilan ta’minlangan, kurash hamda dzyudo sport turlariga ixtisoslashtirilgan Sport majmuasi esa 3,4 mlrd so‘mga barpo etildi.

 

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.