Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimovning voha ahliga O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yilligi munosabati bilan bayram tabrigi

Assalomu alaykum qadrli vohadoshlar,

Aziz vohamiz mehmonlari!

Bugun barchamiz uchun eng aziz, eng ulug‘ bayramimiz - mamlakatimiz Mustaqilligining 33 yilligini ko‘tarinki ruhda, qarshi olmoqdamiz.

Buyuk ajdodlarimiz va tanti xalqimizning asriy orzularini ro‘yobga chiqargan Mustaqilligimizning 33 yilligi bilan butun viloyatimiz ahlini tabriklayman!

Hurmatli vohadoshlar!

Mamlakatimiz bo‘ylab Mustaqilligimizning bu yilgi shodiyonalari hurmatli Prezidentimiz tashabbuslari bilan “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” degan shior ostida keng nishonlanmoqda.

Bu ezgu g‘oya negizida chuqur ma’no mujassam.

Zero, so‘nggi yillarda inson qadri ulug‘lanib, yurtdoshlarimizning ko‘plab muammo va masalalariga yechim topish, xalqimiz turmush farovonligini yanada yaxshilash davlatimizning ustuvor vazifasiga aylandi.

Shunga mos ravishda, Yangi O‘zbekistonni bunyod etish uchun mamlakatimiz tarixida tub burilish, yuksak rivojlanish jarayonlari kechmoqda.

Bu yangilanishlar o‘tmishdan ilmu-fan, ma’naviyat, ma’rifat va madaniyat beshigi bo‘lib kelgan Surxon vohasini ham yanada obod, go‘zal va farovon maskanga aylantirmoqda.

Aziz vohadoshlar!

Mustaqilligimizning 33 yilligi munosabati bilan mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarda faol ishtirok etayotgan ko‘plab turli soha vakillari davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lib, orden va medallar bilan taqdirlandi.

Viloyatimizdan ham 16 nafar vohadoshimiz ana shunday yuksak mukofotlarga sazovor bo‘ldi.

Fursatdan foydalanib, ulug‘ ayyomda unvon, orden va medallarga sazovor bo‘lgan barcha yurtdoshlarimizni chin dildan muborakbod etamiz!

Muhtaram vohadoshlar!

Mustaqilligimizning o‘tgan yillariga nazar tashlasak, so‘nggi yillarda xalqimiz hayotida tub burilish davri bo‘layotganiga guvoh bo‘lamiz.

Xususan, so‘nggi yillarda tadbirkorlikni rivojlantirish va ularga qulay muhit yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘zining samarasini bermoqda.

Jumladan, so‘nggi yetti yilda viloyatda tadbirkorlar soni 3 barobarga, yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarish 1,5 barobarga, sanoat mahsulotlari hajmi 1,6 barobarga, xizmat ko‘rsatish 2,4 barobarga oshdi.

“Sayxunobod”, “Uychi”, “Zarbdor” va “G‘ijduvon” tajribalari asosida tadbirkorlar tomonidan yil boshidan buyon 278 ming nafar aholining bandligi ta’minlanib, yil yakuniga qadar yana 146 ming nafar jami 416 ming nafar aholi bandligi ta’minlanadi.

Hurmatli Prezidentimiz tomonidan kuni-kecha tadbirkorlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda tadbirkorlar uchun ko‘plab imtiyoz va yengilliklar berildi.

Bu imtiyozlar natijasida viloyatda tadbirkorlik yanada rivojlanib, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga va aholi daromadlari oshishiga albatta katta turtki bo‘ladi.

Shu o‘rinda, aholi bandligini ta’minlash orqali fuqarolarimiz va viloyatimizning iqtisodiy imkoniyatlarini yaxshilashda o‘zining munosib hissasini qo‘shayotgan faol tadbirkorlarimizga minnatdorchilik bildiraman.

Hurmatli vohadoshlar!

Chet el davlatlari bilan iqtisodiy aloqalar mustahkamlanmoqda.

Xususan, joriy yilda viloyat delegatsiyasining Xitoy, Yaponiya, Vengriya va Rossiya davlatlariga tashriflari amalga oshirilib, qiymati 8,3 mlrd dollarlik 63 ta loyihalarga investitsiyalar jalb etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Joriy yilning 8 oyi davomida 417 mln. dollar investitsiyalar jalb qilinib, o‘tgan yilga nisbatan uch barobar o‘sishga erishildi.

Bugungi kunda, xorijiy kompaniyalar ishtirokida viloyatda 30 dan ortiq yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Xususan, Xitoy tadbirkorlari bilan Sariosiyo va Oltinsoy tumanlarida ko‘mir konlarini o‘zlashtirish, Rossiya tadbirkorlari bilan Boysun tumanida “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz konida gazni qayta ishlash zavodi, Qumqo‘rg‘on tumanida yirik to‘qimachilik fabrikasi, Germaniya, Fransiya va Gollandiya investorlari bilan Angor tumanida qiymati 1,2 mlrd. dollarlik, quvvati 1 500 MVTga teng bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasi, Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda Sherobod tumanida yirik quyosh stansiyasi amalga oshirilmoqda.

Bunday loyihalarni ko‘plab keltirish mumkin.

Bundan tashqari, turizmni rivojlantirish uchun, Boysun tumani “Omonxona” va Sariosiyo tumani “Sangardak” va Jarqo‘rg‘on tumani “Oqtepa” massivlarida master reja asosida katta loyihalar boshlanmoqda.

Yoshlar tadbirkorligiga ham katta e’tibor berilmoqda.

Xususan, Termiz shahri va barcha tumanlarda “Yoshlar va turizm ko‘chalari” tashkil etilmoqda.

Denov tumanida “Qizilsuv” daryosi qirg‘oqlari mustahkamlanib, tunu-kun ishlaydigan savdo, servis va ko‘ngilochar nuqtalar tashkil etilib, 500 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Termiz shahrida Ay-Ti park hamda Sariosiyo tumanida Ay-Ti shaharchasi tashkil etilib, 500 nafar yoshlarning bandligi ta’minlanadi.

Termiz shahridagi “Tinchlik” yoshlar sanoat zonasi tajribasi asosida Qumqo‘rg‘on, Bandixon, Jarqo‘rg‘on, Angor va Denov tumanlarida yoshlar sanoat zonalari tashkil etilib, 200 dan ziyod yosh tadbirkorlarga sharoit yaratiladi.

Qadrli suxondaryoliklar!

Kuni-kecha viloyatimiz uchun katta tadbir o‘tkazildi, ya’ni Prezidentimiz tashabbuslari bilan 26 gektar maydonda barpo etilgan “Termiz xalqaro savdo markazi”ning ochilish marosimini o‘tkazdik.

Markazda bir vaqtning o‘zida savdo nuqtalaridan tashqari, mehmonxona, restoran, tibbiy maskan, biznes markazi, avtoturargoh, omborxona va logistika markazi ishga tushirildi.

Markazning ishga tushirilishi qo‘shnimiz Afg‘oniston fuqarolari va tadbirkorlariga ham keng imkoniyatlar yaratib beradi.

Ayniqsa, ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yaxshilab, savdo-iqtisodiy aloqalarning yanada rivojlanishiga turtki bo‘lishiga ishonamiz.

Qadrli vohadoshlar!

Aholining turmush darajasini yaxshilash bo‘yicha ham katta ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, “Tashabbusli budjet” loyihasining samaralarini bugun o‘zlaringiz ko‘rib turibsizlar.

Jumladan, “Tashabbusli budjet” doirasida 1-mavsumda “g‘olib” deb topilgan 197 ta loyihaga jami 248 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, mazkur hududlarda yashayotgan aholi turmush darajasini oshirishga va yashash sharoiti yaxshilashga sarflanmoqda.

“Tashabbusli budjet” loyihasining 2-mavsumida ham viloyatda jami 2 441 ta takliflar bildirilib, Respublika bo‘yicha eng ko‘p taklif kiritilgan hududlardan bo‘ldi. Bu ham aholimizni o‘z taqdiriga, ertangi kuniga befarq emasligini anglatadi.

Mamlakatimizda aholini uy-joy bilan ta’minlash ham ustuvor vazifalarimizdan biriga aylangan. Bu yil viloyatimizda jami mingta xonadonni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar 1 721 xonadonli 35 ta ko‘p qavatli uy-joylar foydalanishga topshirildi.

Xonadon xarid qilish uchun 2 100 nafar fuqaroga subsidiyalar ajratildi.

Sifatli ta’lim uchun zamonaviy sharoitlar yaratish maqsadida joriy yilda 137 ta maktab, 29 ta bog‘chada qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Joriy yilda viloyatning tog‘li hududlarida maktab o‘quvchilari uchun bepul avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Aziz vohadoshlar!

Viloyatimiz tibbiyotidagi o‘zgarish va yangilanishlar ham mamlakatimizda inson qadri yuksak darajada ulug‘lanayotganini keng namoyon etmoqda.

Joylarda zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligi o‘sib borayotgani bunga yaqqol misoldir.

Xususan, Termiz shahrida “Tibbiyot klasteri”, Sho‘rchi tumani markaziy shifoxonasi, Termiz tumanida Yangiariq shifoxonasi yangidan qurilmoqda.

Birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun oilaviy shifokorlik punktlari ta’mirlanib, barcha hududlarda “Surxondaryo tadribasi” sifatida patronaj tizimi joriy etildi.

Mustaqillikning yana bir buyuk ne’mati olis va chekka qishloqlarda ham keng, ravon yo‘llar barpo etish bo‘yicha olib borilayotgan yirik hajmdagi ishlarni o‘zlaringiz ko‘rib, guvohi bo‘lmoqdasiz.

Muhtaram vohadoshlar!

Qishloq xo‘jaligida ham tub o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Xususan, joriy yilgi mavsumda zahmatkash fermer va dehqonlarimiz tomonidan respublikamizda birinchilardan bo‘lib misli ko‘rilmagan barakali xirmon yetishtirildi.

Xususan, viloyatda 850 ming tonnadan oshiq don yetishtirilib, o‘rtacha hosildorlik 86 sentnerni tashkil etdi.

Meva, sabzavot, poliz va boshqa oziq-ovqat ekinlaridan ham mo‘l hosil yetishtirildi.

Ayni vaqtda dalalarda yetishtirilgan paxta hosilini yig‘ib terib olishda ham uyushqoqlik bilan ishlar boshlandi.

Mavridi kelganda issiqni-issiq, sovuqni sovuq, demay qishin-yozin betinim mehnat qilayotgan va iqtisodiyotimizni yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotgan, bozorlarimiz to‘kinligini ta’minlab, bayram dasturxonlarimizga fayz ulashayotgan fidoyi dehqon-u bog‘bonlarimizga chuqur minnatdorlik bildiramiz.

Aziz va tanti surxondaryoliklar!

Viloyatda yuz berayotgan bu kabi o‘zgarish va yangilanishlarning barchasi hurmatli Prezidentimizning vohani har tomonlama rivojlantirishga, mehnatkash xalqimizning turmush darajasini yanada oshirishga qaratayotgan alohida e’tiborlarining samarasidir.

Bunday g‘amxo‘rlik va yuksak ishonchni oqlash uchun o‘zimizga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarish barchamizning asosiy maqsadimiz bo‘lmog‘i zarur.

Ana shunday ezgu maqsad yo‘lida Sizlarga kuch-quvvat, mustahkam sog‘lik, ishlaringizga fayz-u baraka, omad va zafarlar tilayman.

Aziz va muhtaram vohadoshlar!

Siz azizlarni, Surxon vohasining ko‘p millatli xalqini yana bir bor eng ulug‘, eng aziz ayyom – istiqlol bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.

El-yurt ravnaqi, jonajon O‘zbekistonimiz taraqqiyoti yo‘lida olib borayotgan ezgu ishlaringizda hamisha muvaffaqiyat yor bo‘lsin!

Yangi O‘zbekistonimizdagi osoyishta, obod turmushimiz va mustaqilligimizga ko‘z tegmasin!

Tinch va osuda, farovon hayotimiz, Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!

E’tiborlaringiz uchun rahmat!

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.