Termiz shahrida mehmonxonalar qurilishi bilan tanishildi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar hamda oila va xotin-qizlar yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Termiz shahridagi qator qurilish ob’ektlarida bo‘ldi.

Xususan, Termiz shahri hududida “Yusufbek Surxon Baraka” OK tomonidan qurilayotgan 40 o‘rinli, “JAVOHIRBEK SURXON QURILISH” xususiy korxonasi tomonidan qurilayotgan 100 o‘rinli hamda “TOShKENT TERMIZ HAMKOR” MChJ tomonidan qurilayotgan 200 o‘rinli mehmonxona qurilishi bilan tanishildi. Viloyat rahbari loyihalar qurilishini ko‘zdan kechirish davomida tashabbuskor tadbirkorlar bilan mavjud muammolar yuzasidan suhbatlashdi.

Vohada turizm salohiyatini yaxshilash, xizmatlar sohasida ish o‘rinlari sonini oshirishda muhim hisoblangan mehmonxonalar qurilishida yuzaga kelgan muammolarni hal etish, tadbirkorlarga ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha mutasaddilarga vazifalarni belgilab berdi.

Shuningdek, hunarmand xotin-qizlar tomonidan tayyorlangan milliy kiyimlar, zardo‘zlik mahsulotlari va Surxoncha do‘ppilar ko‘rgazmasi bilan tanishildi. Vohamizga kelayotgan xorijlik turistlar uchun milliy kiyim-boshlarimiz xaridorgir esdalik mahsulotlari bo‘lishini inobatga olib, ularni tayyorlash ko‘lamini kengaytirish, ushbu faoliyat bilan shug‘ullanuvchi hunarmand xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash zarurligi qayd etildi.

Shundan so‘ng, Termiz shahridagi “Namunali madaniyat markazi”ga aylantirilayotgan markaz qurilishi bilan tanishildi hamda shu yerning o‘zida Termiz shahar va tumanlar Moliya va madaniyat bo‘limlari rahbarlari bilan hududlarda “Namunali madaniyat markazlari”ni tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Viloyat rahbari mas’ullarning axborotini tinglab, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlarni belgilab berdi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.