Yurtimiz bo‘ylab “yashil” belbog‘lar barpo etilmoqda

Bugun davlatimiz rahbari Toshkent shahri atrofida "yashil" belbog‘ barpo etish loyihasida ishtirok etib, daraxt ko‘chatlari ekdi. Mazkur loyiha yurtimizning barcha hududlarida amalga oshirilayotgan bo‘lib, tanlab olingan maydonlarda daraxt va buta ko‘chatlari ekilmoqda.

Xususan, Surxondaryo viloyati Termiz tumanida 100 gektar maydonda bugun erta tongdan davlat va jamoat tashkilotlari, nuroniylar, faollar va yoshlar jam bo‘lishib, "yashil" belbog‘ yaratish maqsadida daraxt va buta ko‘chatlari ekish tadbirida ishtirok etdi.

Tanlab olingan maydonning tuproq unumdorligi va sug‘orish tizimiga e’tibor qaratilgan bo‘lib, bir qismida oqma, bir qismida tomchilatib sug‘orish texnologiyasidan foydalaniladi. Bog‘ning ushbu hududda tashkil etilishida "Afg‘on" shamolining yo‘nalishi hisobga olingan bo‘lib, kelgusida mazkur daraxtlar ekotizimni yaxshilash, changlarni tutib qolish orqali aholi salomatligini asrashga xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun, 100 gektar maydonda tashkil etilayotgan "yashil" belbog‘ hududidiga 55 mingga yaqin daraxt va buta ko‘chatlari ekilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugunning o‘zi ayni vaqtga qadar 5 gektardan ortiq maydonga 2,8 ming tup manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekildi.

Vohamiz bo‘ylab, "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida daraxt ko‘chatlari ekish tadbirlari davom etmoqda.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.