Surxondaryoda respublikada yagona bo‘lgan “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseyining yangi binosi foydalanishga topshirildi
Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda nuroniylar, istefodagi chegarachilar, harbiy xizmatchilar, harbiy akademik litsey o‘qituvchilari, o‘quvchilar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Harbiy-akademik litseyi 210 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, uni bunyod etish va jihozlash uchun 62,5 milliard so‘m mablag‘ sarflangan. Keng, yorug‘ o‘quv va mashg‘ulotlar xonalari, fan kabinetlari, laboratoriyalar zamonaviy usulda jihozlangan. Barcha qulayliklarga ega yotoqxona, oshxona, sport zal, sport maydoni, 10 ming 460 dan ortiq kitob fondiga ega axborot-resurs markazi, ma’naviy-ma’rifiy xonalar tashkil qilingan.
Viloyat hokimligi tomonidan ikkita avtobus, ikkita yengil avtomashina hamda o‘quv mashg‘ulotlari uchun bitta “ISUZU” yuk mashinasi topshirildi.
Ayni paytda litseyda 200 dan ortiq o‘quvchi ta’lim-tarbiya olmoqda. Ularning 100 nafari joriy yilda jismoniy, psixologik va yozma ish hamda davlat test markazining sinovlari orqali qabul qilindi. O‘quvchilarga aniq va ijtimoiy fanlar chuqurlashtirilgan tartibda o‘qitiladi.
Shuningdek, o‘quvchilarning darsdan bo‘sh vaqtini foydali o‘tkazishi uchun turli fan va sport to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, dam olish kunlari viloyatning diqqatga sazovor joylariga sayyohatlar ham tashkil etiladi.
Tantanali marosimda harbiy xizmatchilarning jangovar ko‘rgazmali chiqishlari, DXX Chegara qo‘shinlari ashula va raqs ansamblining qiziqarli konsert dasturi namoyish etildi.
Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari T.Bobolov, Davlat Xavfsizlik xizmati raisi o‘rinbosari – Chegara qo‘shinlari qo‘mondoni, general-mayor S.Xusanov ishtirok etdi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz
6 izoh