Angor tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivining qurilish ishlari o‘rganildi

Aholining uy-joy sharoitini yaxshilash, hududlarda zamonaviy shaharsozlik talablari asosida ko‘p qavatli uy-joylar, ijtimoiy soha va infratuzilma ob’ektlari hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari qurilishini jadallashtirish, yer resurslaridan oqilona foydalanish va aholi punktlarining urbanizatsiya jarayonlarini rivojlantirish maqsadida hududlarda “Yangi O‘zbekiston” massivlari bunyod etilmoqda.

Jumladan, Surxondaryo viloyatining 4 ta hududida, Angor, Boysun, Jarqo‘rg‘on va Sariosiyo tumanlarida 66 ta ko‘p qavatli uylardan iborat “Yangi O‘zbekiston” massivlarida qurilish ishlari olib borilmoqda. Bugun viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov “Yangi O‘zbekiston” massivlarida qurilayotgan uy-joylar, ijtimoiy soha va infratuzilma ob’ektlarining qurilish ishlari bilan tanishish maqsadida Angor tumanida bo‘ldi.

Viloyat rahbari qurilish ishlari bilan tanishar ekan, ishlar va qurilish materiallari sifatsizligi, ayrim uy-joylarning yer ishlari hozirgacha yakunlanmaganligi, sifatsiz, to‘liq pishirilmagan g‘ishtlardan foydalanilayotganligi hamda ko‘p qavatli turar joy binolari oldida o‘rnatilgan o‘rindiqlar sifatsiz ekanligini qattiq tanqid qildi. Massivda 17 ta ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi belgilangan bo‘lib, bugungi kunga qadar bajarilgan ishlar 40 foizni tashkil etadi xolos. Boshqa tumanlarda bunyod etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivlarida ham ishlar qoniqarli emas, ayrim tumanlarda bajarilgan qurilish ishlari 50 foizga ham yetkazilmagan. Viloyat hokimining topshirig‘i bilan Ishchi guruhi tomonidan o‘rganilganda qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi, sifatsiz qurilish materiallaridan foydalanilganligi aniqlangan.

Qurilish ishlarida aniqlangan kamchiliklar, mas’ullar tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolar hududning o‘zida muhokama qilindi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar hududlar kesimida sanab o‘tildi va qurilish sohasi mas’ullari va hudud rahbarlari ishtirokida sohadagi mavjud muammolar tahlil qilindi. Bu borada sektor rahbarlari va boshqa mas’ullarning axborotlari tinglandi.

Shahar va tumanlar hokimlari, qurilish sohasidagi boshqarmalar boshliqlariga qator vazifalar belgilab berildi. Jumladan, Qurilish nazorat inspeksiyasi qatiy ogohlantirilib, qurilish materillarining sifatini to‘liq tekshirish, sifatsiz o‘rindiqlarning almashtirilishini ta’minlash va boshqa aniqlangan kamchiliklarni bartraf etish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi. Boysun tumanida “Tashabbusli budjet” doirasida suv qudug‘i qazish ishlarini boshlash, Jarqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on, Qiziriq tuman, Sariosiyo tuman, Sherobod va Sho‘rchi tumanlariga 2022 yilda foydalanishga topshirilmagan ob’ektlarda 10 kun muddatda ishlarni yakunlab, foydalanishga topshirish, uch kun muddatda pudratchi aniqlanmagan 24 ta ob’ektlarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqib, “Shaffof qurilish” elektron tender savdolari platformasiga kiritish, bir oy muddatda 19 ta ko‘p qavatli uy-joylar qurilishini yakunlab, foydalanishga topshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shuningdek, quruvchilarning ham muammolari tinglanib, mas’ullarga murojaatlarni hal etish, bajarilgan ishlar uchun mablag‘larni to‘lab berish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

 Keyingi hafta shanba kuni sohada amalga oshirilgan ishlar qayta muhokama qilinishi, ishlarni to‘g‘ri tashkil qilmagan mas’ullarga nisbatan choralar ko‘rilishi to‘g‘risida ogohlantirish berildi. 

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.