Surxondaryoda birinchi terini qayta ishlash korxonasiga press-tur tashkil etildi
Surxondaryo viloyatida ilk bor mahalliy chorva mollari terisini qayta ishlovchi, Italiya texnologiyasi bilan jihozlangan korxona Angor tumanida "Top Quality Brand" MChJ tomonidan ishga tushirilgan.
Faoliyat boshlaganiga hali ko‘p bo‘lmagan, chorvachilik komplekslari va aholi tomonidan chiqarilgan chorva mollarining terisini qayta ishlash orqali raqobatbardosh tayyor mahsulot ishlab chiqarayotgan korxonaga OAV vakillari, jurnalist va blogerlar uchun press-tur tashkil etildi.
Umumiy qiymati 23 million dollar bo‘lgan korxonada yiliga 1,2 mln kv metr tayyor charm, 450 ming juft poyabzal, 250 ming dona charm-attorlik mahsulotlari, 5 ming tonna jelatin ishlab chiqariladi. Bu quvvat shu paytgacha chiqindiga chiqarilgan yoki kam miqdorda, arzon narxlarda boshqa hududlarga sotib yuborilgan chorva mollari terilarini endilikda o‘zimizda to‘liq qayta ishlash imkonini beradi.
Hozirda korxonada 210 nafar mahalliy aholining bandligi ta’minlangan bo‘lib, loyiha to‘liq quvvatda ish boshlagach ish o‘rinlari soni yana ortadi. Korxonada, shuningdek, ishchi xodimlar uchun yotoqxona, 20 o‘rinli o‘quv markazi, oshxona va boshqa sharoitlarga ega yordamchi binolar zamon talablari asosida tashkil etilgan.
Press-tur ishtirokchilari korxona faoliyati bilan yaqindan tanishib, ishchilar bilan suhbatlashishdi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz
6 izoh