Jarqo‘rg‘on tumanida yangi yerlarni o‘zlashtirish ishlari va loyihalar taqdimoti bilan tanishildi hamda yangi korxona qurilishiga start berildi
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Jarqo‘rg‘on tumaniga tashrif buyurib, qishloq xo‘jaligi sohasidagi yangi loyihalar taqdimoti hamda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Xususan, tashrifning dastlabki manzilida “Oqtepa” suv omboridan sug‘orish tarmog‘ini qurish orqali Jarqo‘rg‘on va Qumqo‘rg‘on tumanlarida umumiy 20 ming gektar maydonni o‘zlashtirish loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi. Hozirgi kunga qadar 8,2 km sug‘orish tarmog‘i tortilgan bo‘lib, ishlar davom ettirilmoqda. Kartoshkachilikni rivojlantirish maqsadida yo‘lga qo‘yilayotgan loyihani bosqichma-bosqich ishga tushirish lozimligi qayd etildi.
Shundan so‘ng, ixcham, energiyatejamkor, yoqilg‘isiz isitiladigan issiqxonalar qurish bo‘yicha seminar o‘tkazildi. Seminar doirasida Uzun tumanida “Astana-2” va “Fayzova” kanallarini rekonstruksiya qilish, muzlatgichli omborxona tashkil etish, meva-sabzavot yetishtirish, issiqxona, gulchilik, ko‘chatchilik, limonchilik, chorvachilik va baliqchilik bo‘yicha yangi loyihalar taqdimot qilindi. Loyihalar yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi va istiqbollilarini tanlab olib, amalga oshirish vazifasi yuklandi.
Shuningdek, tijorat banklari tomonidan viloyatdagi og‘ir hudud toifasidagi mahallalarda aholini tadbirkorlikka jalb qilish, yangi loyihalarni ishga tushirish, ish o‘rinlari yaratish va kambag‘allikka qarshi kurash borasida amalga oshiriladigan ishlar taqdimoti o‘tkazildi. Mahallalarning mavjud imkoniyat va drayver sohalaridan kelib chiqib, individual dasturlar ishlab chiqish hamda shunga asosan ishlarni tashkil etish topshirildi.
Keyingi manzilda bo‘sh turgan ob’ekt negizida “Surxondaryo traktorbor” MChJning qishloq xo‘jaligida xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan texnikalar yetkazib berish markazi qurilishiga start berildi. Umumiy qiymati 17 mlrd so‘m bo‘lgan loyiha ishga tushirilishi natijasida 40 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, yiliga 30 turdagi 700-800 ta texnika va agregatlar sotuvi yo‘lga qo‘yiladi.
Shu yerning o‘zida tashabbuskorlar tomonidan mis va aluminiyni qayta ishlash hamda tolali kabel ishlab chiqarish loyihasi taqdimot qilindi. Mutasaddilarga loyihani amalga oshirish uchun zarur ko‘maklarni ko‘rsatish, bino uchun auksion savdolariga chiqarilgan, ushbu loyihani amalga oshirish uchun mos bo‘lgan bo‘sh binolarni taklif etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz