Angorda 2 200 ish o‘rniga ega majmua faoliyatini boshladi

Prezidentimizning 2021-yil 1-2-iyun kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifida Angor tumanida zamonaviy qurilish materiallari va hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan yirik loyihani amalga oshirish bo‘yicha topshiriq berilgan edi.

Topshiriqqa asosan tumanning Yuqori Xo‘jaqiya mahallasi hududida “Angor index” MChJ tomonidan qiymati 174 mlrd so‘m bo‘lgan loyiha doirasida 704 ta savdo do‘konlari, omborxona, qurilish va hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarish maydonlari, 850 o‘rinli avtoturargohni o‘z ichiga olgan majmua qurilib, bugun foydalanishga topshirildi.

Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etdi. 2 200 ta ish o‘rni yaratilishi maqsad qilingan ushbu majmua tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga hamda aholi bandligini ta’minlashga katta hissa qo‘shishi qayd etildi.

Tadbir ishtirokchilariga majmuada sotuvchi va xaridorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar tanishtirildi.

Viloyat rahbari Angor tumaniga tashrifi davomida “Zang Gilambob” mahallasida “Sayxunobod tajribasi” asosida aholi xonadonlarida amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham tanishdi. Xususan, ushbu mahallada yashovchi Faxriddin Usanov xonadonida bo‘lib, parrandachilik, issiqxonachilik, asalarichilik faoliyatini ko‘zdan kechirdi.

Shuningdek, mahalladagi bo‘sh bino negizida tashkil etilgan xizmat ko‘rsatish markazida tikuvchilik, kompyuter xizmatlari, sartaroshxona va o‘quv markazi faoliyati bilan ham tanishildi. Tadbirkor bilan suhbat qilinib, tikuvchilik faoliyatini kengaytirish uchun zarur ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha mas’ullarga vazifa yuklandi.

 

1 izoh

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.