Sariosiyoga tashrif: Poliklinika binosining topshirilishi hamda texnikum faoliyati bilan tanishuv
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov bugungi Sariosiyo tumaniga tashrifini “Bo‘yrapo‘sh” mahallasida davom ettirdi. Dastlab, mahalla “yettiligi” faoliyati bilan tanishildi. Aholi xonadonlarida “Sayxunobod tajribasi”ni joriy etish ishlari ko‘zdan kechirildi.
Viloyat rahbari mahallada ishlar talab darajasida emasligi, “yettilik” aholi muammolari bilan ishlashda sustkashliklarga yo‘l qo‘yganligini ta’kidladi. Tizim mutasaddilariga aholini tadbirkorlikka jalb qilish, tomorqadan samarali foydalanish hamda daromadlarini oshirish borasidagi ishlarni sifatli tashkil etish, mahalla “yettiligi” faoliyatini tahlil qilgan holda, lavozimga loyiqlik masalasini ko‘rib chiqish vazifasi yuklandi.
Shundan so‘ng, ushbu mahallada yangidan ta’mirlangan 65-son Dashnobod OShP “Bo‘yrapo‘sh” filialining 100 qatnovga mo‘ljallangan hamda “Zoom” platformasi orqali “Chorbog‘” OShPning 50 qatnovga mo‘ljallangan binolari foydalanishga topshirildi.
Viloyat rahbari tibbiyot maskanida yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni tashkil etish borasida mas’ullarning hisobotlarini tingladi. Patronaj xizmatini sifatli va samarali tashkil etish maqsadida elektroskuterlar hamda planshetlar topshirildi.
Tashrifning keyingi manzili Sariosiyo jamoat salomatligi texnikumi bo‘ldi. Tibbiy ta’lim maskanida ta’lim va amaliyot jarayonlarining borishi bilan tanishildi, bo‘lajak o‘rta tibbiyot xodimlari bilan suhbat qilindi. Shuningdek, texnikumda “Ma’naviyat sektori” faoliyati hamda “Zakovat” intellektual o‘yinlari ham ko‘zdan kechirildi.
Viloyat rahbari texnikumda ta’lim jarayonlari yaxshi yo‘lga qo‘yilganligi uchun direktorga minnatdorchilik bildirib, mutasaddilarga texnikumda informatika sinf xonasi tashkil etish uchun 15 ta kompyuter jamlanmalari hamda kitoblar to‘plamlarini yetkazib berish vazifasini topshirdi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz