Termizda mahalla idorasi foydalanishga topshirilishi, Muzrabotda maktablar qurilishi bilan tanishildi

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov haftalik ish rejasiga muvofiq qurilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, loyihalar hamda ijtimoiy soha ob’ektlari qurilishi bilan tanishish maqsadida Termiz va Muzrabot tumanlariga tashrif buyurdi.

Dastlab, viloyat rahbari Termiz tumanida og‘ir hudud sifatida tanlab olingan “Sharof Rashidov” mahallasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi hamda yangilangan mahalla idorasi binosining foydalanishga topshirish tadbirida ishtirok etdi. Sektor rahbarlari, mutasaddi tashkilotlar vakillari hamda nuroniylar va mahalla faollari ishtirok etgan tadbirda mahallada amalga oshirilgan ishlar e’tirof etilib, aholi uchun katta qulayliklar yaratilgani ta’kidlandi.

Viloyat rahbari mahalla idorasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, “yettilik” tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar axborotini tingladi. Mahallani kompleks rivojlantirish, “yashil” toifaga o‘tkazish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish borasida “Sayxunobod” hamda “Uychi” tumanlari tajribasi asosida ishlarni izchil davom ettirish vazifalari belgilab berildi.

Shundan so‘ng, viloyat rahbari hududlarga tashrifini Muzrabot tumanida davom ettirib, maktablar qurilishi va rekonstruksiyasi bilan tanishdi. Xususan, 5-sonli maktabning 330 o‘rinli qo‘shimcha o‘quv binosini qurish, 140 o‘rinli binosini mukammal ta’mirlash, 30-sonli maktabning 270 o‘rinli va 34-sonli maktabning 180 o‘rinli qo‘shimcha o‘quv binolarining qurilishi ko‘zdan kechirildi.

Mazkur maktablarda o‘quv binolari qurilishi va mavjud binolarning rekonstruksiyasi Prezidentimizning “2024-2026-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan amalga oshirilmoqda. Viloyat rahbari qurilish-ta’mirlash ishlari bilan tanishuv davomida ishlarni jadallashtirish lozimligini qayd etib, o‘quv binolarini yangi o‘quv yili boshlangunga qadar foydalanishga topshirilishi lozimligini ta’kidladi.

Tuman rahbarlari va soha mutasaddilariga loyihalarning har birida qurilish-ta’mirlash ishlarini jadallashtirish uchun qo‘shimcha ishchi kuchi jalb qilish, ishlarni qisqa muddatda, sifatli qilib yakunlash vazifasi topshirildi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.