Surxondaryoda tibbiyot xodimlari kuni keng nishonlandi

Mamlakatimizda har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi tibbiyot xodimlarining kasb bayrami kuni sifatida keng nishonlab kelinadi. Bugun sana munosabati bilan Termiz shahridagi “Olmos” to‘yxonasida tibbiyot xodimlari uchun bayram tadbiri tashkil etildi.

Bayram tadbirida Surxondaryo viloyati hokimining o‘rinbosari Ilhom Saparov viloyatimiz hokimining sog‘liqni saqlash sohasi xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.

So‘ngi uch yilda viloyatimizda 50 dan ziyod oilaviy shifokorlik punkti, oilaviy poliklinikalar hamda 237 ta olis va chekka hududlarda “Mahalla tibbiyot punkt”lari tashkil etilib, 100 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ hisobiga zamonaviy tibbiy apparaturalar bilan jihozlanganligi, natijada qo‘shimcha ravishda yana 350 mingdan ortiq aholini birlamchi tibbiy xizmat bilan qamrab olishga erishilganligi qayd etildi.

Tibbiyot xodimlari bayrami munosabati bilan davlatimiz rahbari farmoni asosida sohaning bir guruh fidoyi xodimlari davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi. Ular orasida 2 nafar surxondaryolik soha fidoyilari ham bor.

Tadbirda ushbu davlat mukofoti sohiblariga orden va medal hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Shuningdek, tizimda alohida o‘rnak ko‘rsatgan bir guruh tibbiyot xodimlari viloyat hokimligining faxriy yorliq va sovg‘alari bilan taqdirlandi.

To‘kin va fayzli dasturxon atrofida davom etgan bayram tadbirida poytaxtdan tashrif buyurgan va vohamizning taniqli san’atkorlari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar sog‘ligimiz posbonlariga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.