Surxondaryoda “Umid nihollari - 2022” g‘oliblariga Prezident sovg‘asi topshirildi

2021-2022 o‘quv yili davomida yoshlarda sportga bo‘lgan havas va intilishni, jamiyatda sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini yanada kuchaytirish, iqtidorli yosh sportchilarni tanlab olish, ularda professional mahorat va ko‘nikmalarni rivojlantirish, sport turlari bo‘yicha mamlakat terma jamoalariga sport zaxirasini tayyorlash, o‘quvchilarni sport mashg‘ulotlariga uzluksiz jalb etishga qaratilgan “Umid nihollari - 2022” sport musobaqalari o‘tkazildi.

Kuni kecha Termiz shahridagi San’at saroyining yozgi sahnasida mazkur sport musobaqalarining final bosqichlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan o‘quvchilar hamda ularning murabbiylarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda senatorlar, nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari va yoshlar ishtirok etishdi.

Tadbirda viloyat hokimi To‘ra Bobolov so‘zga chiqib, musobaqa g‘oliblarini tabrikladi.

Viloyatning jami 509 nafar o‘quvchilari hamda 51 nafar jismoniy tarbiya fani o‘qituvchi - murabbiylariga esdalik sovg‘alari topshirildi. Jumladan,

1-o‘rinni egallagan o‘quvchilarning har biriga noutbuk, 2-o‘rin uchun televizor, 3-o‘rinni egallaganlarga velosiped, medal va diplom, shuningdek, ularni musobaqalarga tayyorlagan o‘qituvchi - murabbiylari sport ekipirovkalari bilan taqdirlandilar.

Umumjamoa hisobida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Denov tumani jamoasiga viloyat hokimi To‘ra Bobolov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovg‘asi “Damas” rusumli avtomashina topshirildi.

Shundan so‘ng tadbir davomida viloyatning taniqli san’atkorlari tomonidan ijro etilgan sho‘x kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga yuqori kayfiyat ulashdi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.