Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloq qoidalariga amal qilishi talab etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari belgilandi.
Viloyat hokimligida mazkur qaror mazmuni hamda davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalarini keng targ‘ibot-tashviqot qilish maqsadida videokonfrensaloqa shaklida o‘quv-seminari o‘tkazildi. Unda viloyat hokimi To‘ra Bobolov, Adliya vazirligi Davlat xizmatlari departamenti boshlig‘i Sanjar Abdullayev va Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Surxondaryo viloyati filiali rahbari Sherpo‘lat Boyqulov qatnashdi.
O‘quv-seminarida shuningdek, viloyat va hududiy studiyalardan viloyat hokimining o‘rinbosarlari, shahar va tumanlar hokimlari, tarmoqlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, hokimliklar apparat xodimlari, viloyat boshqarma va tashkilotlari hamda ularning tuman (shahar) bo‘limlari rahbarlari, o‘rinbosarlari, kadrlar xizmati va yuridik xizmatlari va boshqa xodimlar ishtirok etishdi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Surxondaryo viloyati filiali mutasaddilari davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari xususida ma’ruza qilishdi va qarorning mazmun-mohiyati bilan ishtirokchilarni tanishtirishdi.
Davlat fuqarolik xizmatchilarining odob-axloq qoidalari, avvalo, har bir insonning oilasidan boshlanadigan odob-axloq ko‘rinishlaridir. Xushmuomalalik, hallolik, o‘z ishiga vijdonan yondashish, samimiy va kamtarin bo‘lish, belgilangan tartib-intizomga rioya qilish, kasb etikasiga amal qilish kabilar shular jumlasidandir.
Jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor qarorlarni qabul qilishda qonuniylik, adolatlilik va shaffoflikni ta’minlashi, davlat va jamiyat manfaatlariga zarar yetkazuvchi, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati samaradorligini pasaytiradigan harakatlardan tiyilishi kerak. Bundan tashqari, har bir davlat xizmatchisi o‘zining hatti-harakati va axloqi tufayli jamoatchilikning tanqidiga uchramaslik choralarini ko‘rishi, tanqid uchun ta’qibga yo‘l qo‘ymasligi, asosli va konstruktiv tanqiddan o‘z faoliyatidagi kamchiliklar hamda nuqsonlarni bartaraf etish yo‘lida foydalanishi lozim.
Bundan tashqari, davlat xizmatchilari ishdan tashqari vaqtda milliy urf-odat, qadriyat va an’analarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, dabdababozlik, shuhratparastlik, guruhbozlik, maishatbozlik, ichkilikbozlik va boshqa salbiy illatlarga yo‘l qo‘ymaslik, jamoat joylarida — kafe, restoran va boshqa ko‘ngilochar maskanlarda o‘zini tutish qoidalariga rioya etish, atrofdagilarning e’tiborini tortuvchi ortiqcha va salbiy harakatlarga yo‘l qo‘ymaslikka majbur.
Shuningdek, xizmat guvohnomalarini saqlash va foydalanish tartibi, xizmat avtotransport vositalaridan xizmat faoliyatidan tashqari holatlarda shaxsiy va boshqa maqsadlarda foydalanmaslik majburiyatlari ham mavjud ekanligi aytib o‘tildi.
Seminarda adliya vazirligi vakili jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan munosabatlarga oid odob-axloq qoidalari borasida ma’ruza qildi va mazkur qarorning ahamiyatiga to‘xtalib, davlat fuqarolik xizmatchilari belgilangan odob-axloq qoidalariga og‘ishmay amal qilishi davlat va jamiyat hayotida muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladilar.
Tadbirda bu kabi targ‘ibot ishlarini muntazam olib borish, davlat fuqarolik xizmatchilarining odob-axloq qoidalari bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borish xususida taklif-tavsiyalar bildirildi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz
2 izoh