Surxondaryo viloyati xotin-qizlariga bayram tabrigi

Munis va muhtarama onaxonlar!

Qadrli opa-singillar!

Shu kunlarda barchamiz yurtimizga ko'klam elchisi sifatida kirib kelayotgan 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayramini ko'tarinki kayfiyat, shodu xurramlik bilan keng nishonlamoqdamiz.

Fursatdan foydalanib, Sizlarni chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Shuni mamnuniyat bilan e'tirof etishimiz kerakki, bugun hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida qo'lga kiritilayotgan barcha yutuqlarimiz zamirida Siz – xotin-qizlarimizning alohida o'rningiz bor.

Jamiyat taraqqiyotiga o'zining munosib hissasini qo'shib kelayotgan ayollarimizning mehnatlari esa hamisha davlatimiz e'tiborida.

Kuni kecha Prezidentimizning tegishli qarori asosida, 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Sherobod tumanidagi yakka tartibdagi tadbirkor, payvandchi Nasiba Sharipova “Mehnat shuhrati” ordeni bilan, Termiz shahridagi “Xamidiy” xususiy korxonasi direktori Muxabbat Mingbayeva hamda Qumqo'rg'on tumanidagi “Ariq oshgan” fermer xo'jaligi ish yurituvchisi, baxshi Zulxumor Shernazarova “Do'stlik” ordeni bilan, Muzrabot tumanidagi “Anor Umr” fermer xo'jaligi boshlig'i Muqaddas Ismoilova hamda Termiz tumanidagi “Angel Farishta” oilaviy korxonasi rahbari Nazira Shoberdiyeva “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

Joriy yilning 3 mart kuni 2 nafar iste'dodli qizimiz – O'zbekiston shaxmat federatsiyasining Xalqaro shaxmat akademiyasi sportchi-o'quvchisi Umida Omonova hamda Termiz davlat universiteti talabasi Nilufar Komiljonova Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori bo'ldi.

2021 yilning fevralь oyida esa surxondaryolik 17 nafar xotin-qizlar “Mo''tabar ayol” ko'krak nishoni bilan taqdirlandi.

Davlatimizning yuksak orden va medallari, davlat mukofotlari, ko'krak nishonlari bilan taqdirlangan ushbu vohadoshlarimizni yana bir bor samimiy muborakbod etamiz.

Aziz opa-singillar!

Viloyatimiz aholisining qariyb yarmi – 1 million 329 ming nafari (49,6 foizi) xotin-qizlardir. Ularning manfaatlarini ta'minlash, jamiyat hayotidagi o'rnini mustahkamlash davlatimiz ijtimoiy siyosatining muhim yo'nalishi hisoblanadi.

Oxirgi to'rt yilda bu borada 2 ta qonun, Prezidentning 6 ta farmon va qarori qabul qilindi. Ushbu qonun, farmon va qarorlar, shuningdek, Davlatimiz rahbari raisligida o'tkazilgan videoselektor yig'ilishlarida belgilab berilgan dolzarb vazifalar ijrosi yuzasidan viloyatimizda ham qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, xotin-qizlar muammolarini o'rganish va manzilli hal etish maqsadida “Ayollar daftari”ga 28 ming 928 nafar xotin-qiz kiritilib, elektron baza shakllantirildi. Joriy yilning o'tgan davrida ularning 3 ming 566 nafariga manzilli yordamlar ko'rsatildi.

Hozirda 9 ta mezon asosida ishlar izchil davom ettirilib, ayollarni ish bilan ta'minlash, ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, ularga tibbiy va psixologik yordam qamrovini kengaytirish, oilaviy ajralishlarning oldini olish chora-tadbirlari ko'rilmoqda.

Aziz ayollar, qadrli opa-singillar!

Prezidentimiz raisligida joriy yilning 26 fevralь kuni o'tkazilgan videoselektor yig'ilishi xotin-qizlarning muammolarini hal qilish va ularni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash borasida yangi bosqichni boshlab berdi, desak xato qilmagan bo'lamiz.

Ushbu yig'ilishda belgilab berilgan dolzarb vazifalar asosida hozirda “ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar muammolarini yechish, bandligini ta'minlash, tadbirkorligini qo'llab-quvvatlash, salomatligini saqlash, uy-joy masalalarini hal etish borasida tizimli ish olib borilmoqda.

Munis va muhtarama onaxonlar!

Aziz opa-singillar!

So'zim yakunida Sizlarni yana bir bor bayram bilan qutlab, doimo sog'-salomat yurishingizni, oilangiz baxti butun, har bir kuni fayzli bo'lishini tilayman.

Ilohim, qalbingiz g'am, ko'zingiz nam ko'rmasin!

Doimo xalqimiz va Vatanimizning yuksak mehri, ardog'ida bo'lish hammangizga nasib qilsin!

Bayramingiz muborak bo'lsin!

 

To'ra BOBOLOV,

Surxondaryo viloyati hokimi

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.