To‘ra Bobolov: ““Yashil makon” loyihasi ijrosi ertangi musaffo tabiat va toza havo manbaidir"

Viloyat hokimi To‘ra Bobolov rahbarligida navbatdagi videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishda viloyat studiyasidan sektor rahbarlari, viloyat hokimining tarmoqlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, boshqarma va tashkilotlar rahbarlari, hududiy studiyalardan shahar va tumanlar sektor rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari va tuman tashkilotlari rahbarlari ishtirok etishdi.

Dastlab kun tartibidagi “Yashil makon” umummilliy loyihasining viloyatdagi ijrosi muhokama qilindi. Loyiha doirasida o‘tkazilayotgan “Dolzarb 40 kunlik”ga ham sanoqli kunlar qoldi, ammo, belgilangan rejani bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgan hududlar mavjud. Ularning belgilangan rejani muddatida bajarmayotgani viloyat uchun belgilangan 6 mln 5 ming dona ko‘chat ekish rejasining bajarilishini ortga surayotganligi qayd etildi. Viloyat rahbari bu borada mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yayotgan Jarqo‘rg‘on, Sho‘rchi, Sherobod tumanlari hokimlarining masalaga aloqador o‘rinbosarlarining bu boradagi faoliyatini tanqid qildi.

Ko‘chat ekish bo‘yicha “Dolzarb 40 kunlik” yakuniga sanoqli kunlar qolganligi sababli shahar va tumanlar hokimliklari va mas’ul boshqarmalarga ishlarni jadallashtirish va yashil hududlarni kengaytirish borasidagi ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

Kun tartibida shuningdek, qishloq xo‘jaligi, eksport va budjet prognoz rejalarining ijrosi hamda ijtimoiy soha ob’ektlarini qish mavsumiga tayyorlash borasidagi masalalar muhokama qilindi.

Joriy yil noyabr oyida mahalliy budjet daromadlarining bajarilishi ahvoli qoniqarli emasligi qayd etilib, bu borada shahar va tumanlar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari hamda hududiy soliq organlari tomonidan olib borilayotgan ishlar qoniqarsiz deb topildi. Masala ijrosi bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar va vazifalar belgilab berildi.

Viloyatga qo‘shimcha valyuta kirib kelishini ta’minlovchi eksport ko‘rsatkichlarining bajarilishi ham tahlil qilindi. Joriy yil yanvar-noyabr oylari davomida meva-sabzavot eksporti 102,6 foizga bajarilgan bo‘lsada, sanoat mahsulotlari eksport ko‘rsatkichlarining bajarilishi 51,3 foiz ekanligi tanqid qilindi.

Shuningdek, kun tartibida boshqa muhim masalalar ham muhokama qilinib, amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha mas’ullarning hisobotlari tinglandi. Viloyat rahbari belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash borasida qat’iy tartib-intizom va samarali nazorat o‘rnatish lozimligini ta’kidladi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.