Konstitutsiya – inson huquqlari kafolati
O‘zbekistonning o‘ttiz bir yillik mustaqillik davri. Tarix uchun bir lahza, xolos. Lekin, shu qisqa davrda jonajon O‘zbekistonimiz mustaqil va suveren davlat sifatida shakllanib, jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egalladi, tom ma’noda ulkan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgani hech kim uchun sir emas. Ana shu mashaqqatli va sharafli yo‘lda erishgan barcha yutuqlarimizni, eng avvalo, Konstitutsiyamiz bilan bog‘liq. Nega deganda, asosiy qonunimiz xalqimiz uzoq yillar orzu qilgan milliy mustaqilligimiz, rivojlanish yo‘limiz, inson huquq va erkinliklari kafolatlarini belgilab berdi. To‘la ishonch bilan aytish mumkinki, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqimizning siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasidir. U hech kimga qaram bo‘lmasdan, erkin va ozod, tinch va osoyishta, farovon yashashning qonuniy kafolati bo‘lib kelmoqda. Bozor munosabatlariga asoslangan huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish borasida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Konstitutsiyamiz asosida mamlakatimizda milliy qonunchilik tizimi, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari shakllandi. Bugungi kunda barcha jabhalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyatimiz yuksalib, fuqarolarimizning dunyoqarashi tobora o‘sib bormoqda. Bularning barchasi, eng avvalo, Bosh qomusimizning hayotbaxsh kuch-qudrati natijasidir.
Konstitutsiyamiz xalqimiz uchun mustaqil taraqqiyot yo‘lini belgilab, milliy davlatchilik, yangi siyosiy-ijtimoiy tizim barpo etish, demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurishning huquqiy poydevorini yaratib bergan.. O‘tgan yillar mobaynida mamlakatimizning inson, uning huquqlari, manfaat va erkinliklarini haqiqiy qadriyat deb biladigan mustaqil va suveren davlatga aylanishida Bosh Qumusimiz asosiy dasturilamal bo‘ldi. Birgina sud-xuquq tizimida har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega ekani, jinoyat sodir etishda ayblanayotgan shaxsning aybi sudda aniq bo‘lmaguncha u aybdor hisoblanmasligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy normalarni amalda ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi. Albatta, bu qoidani hayotga to‘liq tatbiq etilishi, birinchi navbatda, sudlarning chinakam mustaqil, ularning adolatli faoliyat yuritishi bilan chambarchas bog‘liqlikda amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda sud tizimini tubdan isloh qilishga alohida e’tibor berilmoqda. Ko‘pchilik yaxshi biladi, ilgari qariyb 90 foiz jinoiy ishlar qayta tergovga yuborilar edi. Endilikda sudlar tomonidan jinoyat ishlarini qo‘shimcha tergovga qaytarish tartibi bekor qilindi. Bu esa sud va tergov organlarining haqiqatni aniqlash, shuningdek, qonuniy, asosli va adolatli qarorlar qabul qilish borasidagi mas’uliyatini oshirdi. Har bir hukmning qonuniy va adolatli bo‘lishini ta’minlash maqsadida jamoatchilik fikrini inobatga olish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Bu ham o‘z o‘rnida mamlakatimiz fuqarolarining munosib hayot kechirishlarini ta’minlashga intilish, demokratik huquqiy davlat barpo etish, fuqarolar tinchligi va milliy totuvligini ta’minlash maqsadida Konstitutsiyamizni to‘laqonli hayotga tatbiq qilinganligidandur. Ya’nikim Konstitutsiyamizning asosiy mohiyati insonga munosib hayot sharoitlari yaratish, uni baxtli qilishdan iborat.
Ma’lumki, davlat va jamiyat hayotida ba’zi bir narsalar bo‘ladiki, u Vatanimiz kabi yagonadir: bayrog‘imiz bitta, gerbimiz bitta, madhiyamiz bitta, shu qatori Konstitutsiyamiz ham bitta. Bularning har biri o‘z timsolida ona Vatanimiz, xalqimizning ezgu-maqsadlarini o‘zida aks ettiradi. Shu ma’noda Konstitutsiyamiz har bir fuqaro uchun bayrog‘imiz, gerbimiz, madhiyamiz kabi muqaddasdir.
Ikrom Shaymanov, Jinoyat ishlari buyicha Termiz shaxar sudining raisi
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz