Viloyat rahbari Termiz shahri mahallalarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish masalalarini muhokama qildi

Bugun viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz davlat universiteti binosida shahar hududidagi mahallalarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish borasida olib borilayotgan ishlarni tanqidiy muhokama qildi.

Muhokama yig‘ilishida Termiz shahar sektor rahbarlari, sohaga mas’ul viloyat, shahar korxona va tashkilotlari rahbarlari, shahar va tumanlar hokimlarining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, shahar hududidagi mahallalar raislari hamda qurilishi tugallanmagan ob’ektlarning quruvchi tashkilotlari rahbarlari ishtirok etishdi. Muhokama avvalida viloyat televideniesi tomonidan tasvirga olingan shahar mahallalaridagi holatlar aks etgan videolavha namoyish etildi.

Viloyat hokimi mahallalarda olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari mutlaqo qoniqarsiz ekanligini, mas’ullar o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qarab kelganligini tanqid qildi. Bu boradagi ishlarni lozim darajada yo‘lga qo‘ymaganligi uchun Termiz shahar Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i oylik ish haqining 40 foizi miqdorida jarimaga, o‘z hududida tozalikka yetarli e’tibor qaratmagan mahalla raislari intizomiy javobgarlikka tortilishi belgilandi.

Ushbu holatlar tumanlardagi mahallalarda ham mavjud ekanligini ta’kidlagan viloyat rahbari tuman hokimlarining masalaga mas’ul o‘rinbosarlarini ogohlantirib, har bir hudud o‘rganilishini va o‘z vazifasini lozim darajada bajarmagan rahbarlar javobgarlikka tortilishini ma’lum qildi.

Shundan so‘ng, Termiz shahrida qurilishi tugallanmagan ob’ektlar masalasi quruvchilar va mas’ullar bilan muhokama qilindi. Bunda qurilish hududida poydevor chuqurlari qazilib, tashlab qo‘yilgan, ishlar boshlanib qurilishi davom ettirilmagan, foydalanishga topshirish muddatlari o‘tib ketgan ob’ektlarda qurilish ishlarining to‘xtab qolish sabablari o‘rganildi.

Jumladan, shahar hududlaridan birida dastlabki loyihaga kiritilmagan, keyinchalik qo‘shimcha loyihalashtirilib, poydevor chuqurlari qazilgan holda tashlab qo‘yilgan loyihani bekor qilish, yer maydonini zaxiraga qaytarish bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritish, ushbu yer maydoni zaxiraga qaytarilgach bolalar maydonchasi va chekka hududida chiqindilar to‘plash joyi tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Viloyat rahbari shu kabi boshqa loyihalar bo‘yicha ham o‘zining e’tirozlarini bildirib, qonunchilik normalariga to‘g‘ri kelmaydigan, belgilangan talablar bajarilmagan loyihalar yer maydonlarini zaxiriga qaytarish bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritish, qaytarilgan yer maydonlarini auksion savdolariga chiqarish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilab berdi.

Yuqoridagi holatlarni o‘z vaqtida nazoratga olmaganligi hamda vazifasini lozim darajada bajarmaganligi uchun mas’ullarga viloyat Qurilish boshqarmasi va Termiz shahar qurilish bo‘limi rahbarlarining intizomiy javobgarlik masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha vakolatli idoraga taqdimnoma kiritish vazifasi yuklatildi.

2 izoh

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.