Surxondaryo viloyati hokimligi
Yangi yil arafasida chegarachilar uchun yangi uy-joy kalitlari topshirildi

Yurt posbonlari bo‘lgan harbiy xizmatchilar, xususan chegarachilarimiz ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, harbiylik salohiyatini ko‘targan holda yoshlar qalbida vatanparvarlik, xalqning armiya bilan birdamlik tuyg‘usini yuksaltirish maqsadida bir qator vazifalar belgilab olingan.

 

Harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida bugun Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanidagi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qismlarning birida chegarachilar uchun navbatdagi uy-joylar foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolariga yangi xonadon kalitlarini, ularning farzandlariga yangi yil bayrami sovg‘alarini topshirdi. Tadbirda DXX Chegara qo‘shinlari ofitserlari, nuroniylar, istefodagi chegarachilar, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ishtirok etishdi.

Umumiy qiymati 10 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan ushbu loyiha doirasida 27 xonadonli, uch qavatli zamonaviy uy-joy yangidan qurildi, 9 ta bir qavatli turar joylar rekonstruksiya qilindi. Shuningdek, hududda bolalar maydonchasi, tikuvchilik sexi ham bunyod etilgan bo‘lib, uy-joylar barcha infratuzilma va zaruriy jixozlar bilan ta’minlangan. Bundan tashqari viloyat hokimligi tomonidan har bir oilaga kir yuvish mashinasi topshirildi.

Viloyat rahbari tadbir so‘ngida nuroniylar bilan chegarchilarga topshirilgan yangi xonadonlarda mehmon bo‘lishib, yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishishdi hamda nuroniylar yurt tinchligi va osoyishtaligini so‘rab duolar qilishdi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Saytimizning yangi talqini sizga yoqdimi?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.