Viloyat hokimi bandixonlik faollar bilan uchrashdi

Bugun viloyat hokimi hududlarda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar, aholi uchun yaratilayotgan sharoitlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Bandixon va Qiziriq tumanlarida bo‘ldi.

Dastlab, Bandixon tumani hokimligida tuman faollari, sektor rahbarlari, tumandagi davlat va jamoat tashkilotlari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda Prezident Farmon, qaror va topshiriqlari ijrosi holati, ijtimoiy-iqtisodiy ahvol hamda viloyat hokimligi tomonidan tuzilgan 4 ta Ishchi guruhning xonadonma-xonadon yurib, aholi muammolarini o‘rganish jarayonida aniqlangan kamchiliklarni hal etish masalasi tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi. Bu borada tuman sektorlari va aloqador tashkilotlar rahbarlariga tegishli vazifalar belgilab berildi.

Shundan so‘ng, viloyat rahbari Bandixon tumanidagi ijtimoiy soha ob’ektlarini o‘rgandi va “Bektepa” mahallasidagi qurilishi tugallanmagan 8-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotini ko‘zdan kechirdi. Binoning foydalanishga topshirish muddati o‘tib ketgan bo‘lsada, qurilish ishlari yakuniga yetkazilmaganligi tanqid qilindi. Tuman mas’ullari va quruvchilarga qurilish ishlarini sifatli yakuniga yetkazish va maktabgacha ta’lim binosini tez fursatda foydalanishga topshirish vazifasi yuklatildi.

Viloyat hokimi, shuningdek, tumanning “Birdamlik” mahallasida joylashgan 44-son Oilaviy poliklinikaning Birdamlik filialida bo‘lib, binoning ta’mirtalabligiga, bu holatga tuman mutasaddilarining e’tibor qaratmaganligiga e’tiroz bildirdi. Aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash maqsadida hududda yangi Oilaviy shifokor punktini qurish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish topshirig‘i berildi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.