Ulug‘bek Qosimov Denov tumanini kompleks rivojlantirish masalalarini muhokama qildi

Bugun viloyat hokimi Denov tumani markazini piyoda yurgan holda o‘rgandi. Mas’ullar tanqid qilingan, kamchiliklar ko‘rsatib o‘tilgan o‘rganish ishlari davomida bir qator tadbirkorlik, turar joy va ijtimoiy soha ob’ektlari ko‘zdan kechirildi. Kamchiliklar hamma joyda bor, lekin mas’ullar tuman hokimligi binosining yonginasida savdo qilayotgan savdogarlarga, xaridorlarga sharoit yaratmaganligi, bunga panja ortidan qarab kelganligi viloyat rahbarining qattiq tanqidiga sabab bo‘ldi.

Denov tumani eski dehqon bozori o‘rnida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan loyihalar o‘z holiga tashlab qo‘yilgan, hudud chiqindilar bilan to‘lgan. Sotuvchilar uchun boshqa hududda sharoit yaratilmaganligi sababli shu yerning o‘zida yoyma savdolar qilishmoqda.

Viloyat rahbari bozor hududini chiqindilardan tozalash, hududni obodonlashtirish, sotuvchilarni sharoitlarga ega boshqa hududga ko‘chirish, chala qolgan qurilishlarni yakunlash va bozor o‘rnida qurilishi belgilangan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab berdi. Shuningdek, tozalash ishlarini bugundan boshlash va odamlar kayfiyatini xira qiluvchi holatlarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga vazifalar yuklandi.

Denov tumani hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirish, belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha shtab faoliyatini yo‘lga qo‘yish topshirig‘i berildi. Shuningdek, yig‘ilish davomida viloyat hokimi Denov tumanidagi loyihalar, amalga oshiriladigan ishlar taqdimoti bilan ham tanishdi.

Shundan so‘ng, viloyat hokimi Denov tumanidagi 82-sonli maktabning yangi qurilgan binosini borib ko‘rdi. Yangi qurilgan maktab binosi jihozlar yetkazib berilmaganligi sababli ishga tushirilmagan. Mas’ullarga maktab jihozlarini yetkazish, o‘quv binosini barcha sharoitlar bilan ta’minlagan holda foydalanishga topshirish bo‘yicha aniq muddatlar belgilangan holda ko‘rsatmalar berildi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.