Ulug‘bek Qosimov: "Sohasini "torta olmayotgan"lar o‘rniga yaxshi natijalarga erishayotgan, g‘ayrati bor va halol yoshlar keladi"

Bugun viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov sohalardagi mavjud muammolar, amalga oshirilayotgan ishlar, joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar ijrosi, xususan qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida belgilab berilgan topshiriqlar ijrosini o‘rganish maqsadida Qiziriq va Jarqo‘rg‘on tumanlariga tashrif buyurdi.

Dastlab, Qiziriq tumani g‘alla maydonida tumandagi “Surxon Cotton Tekstile Cluster” MChJ kalasteri vakillari hamda fermer xo‘jaliklar rahbarlari ishtirokida tashkil etilgan uchrashuvda sohada yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar tahlil qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.

Yig‘ilishda tumandagi g‘alla maydonlarining 316 gektarida belgilangan agrotexnik tadbirlari olib borilmaganligi natijasida g‘alla unib chiqmagani tanqid qilinib, o‘g‘itlashni nazorat qiluvchi mas’ullar faoliyatini o‘rganib, tegishli tartibda chora ko‘rish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berildi. Shuningdek, 2 ta oilaviy pudratchilar bilan tuzilgan shartnomalarni bekor qilish vazifasi ham yuklatildi. 

Shundan so‘ng, tumandagi “Surxon Cotton Tekstile Cluster” MChJ klasterining texnik bazasi va ishchi-xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirdi. Texnikalarning mavsumga shayligi va imkoniyatlari taqdimot qilindi. Xorijiy korxona ta’sischiligida tashkil etilgan “SCT cluster Greenhouse” MChJning 2 gektar yer maydondagi zamonoviy issiqxona faoliyati hamda parrandachilik fabrikasini tashkil etish loyihasi joyida o‘rganildi. Ushbu yo‘nalishda ishlarni jadallashtirish orqali qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Keyingi manzilga borishdan avval, tuman aholisini suyultirilgan gaz bilan ta’minlaydigan gaz quyish shahobchasi faoliyati ham ko‘zdan kechirildi. Viloyat hokimi aholi gaz ballonlarini to‘ldirishda belgilangan vaqt va me’yorlarga rioya qilish bo‘yicha nazoratchilarga qat’iy talab qo‘ydi. 

Navbatdagi seminar Jarqo‘rg‘on tumanida bo‘lib o‘tdi. Bu yerda ham qishloq xo‘jaligi sohasi mas’ullari, klaster va fermer xo‘jaliklari rahbarlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklari muhokama qilindi.

Shuningdek, viloyat rahbari Jarqo‘rg‘on tumanida qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan ishlarni tahlil qilib, ushbu tumanda ham g‘alla maydonlarining 450 gektarida belgilangan agrotexnik tadbirlari olib borilmaganligini tanqid qildi. Ekin dalalarida kuzgi shudgorlash ishlari yakuniga yetkazilmagan, g‘alla maydoni to‘liq dorilanmagan va boshqa shu kabi kechiktirib bo‘lmaydigan agrotexnik tadbirlarning bajarilmagani natijasida tumanning qishloq xo‘jaligi abgor ahvolga kelib qolgan. Viloyat hokimi sanab o‘tilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullar biriktirib, ularga aniq vazifalar yuklatdi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.