Hokimlik soati: Ijro intizomi, sayyor va tadbirkorlar qabulidagi murojaatlar ijrosi, qishloq xo‘jaligi, budjet daromadalari rejasining bajarilishi va boshqa masalalar muhokama qilindi

Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov rahbarligida joriy haftadagi vazifalarni belgilab olish hamda muhim masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan navbatdagi hokimlik soati o‘tkazildi. Videokonfrens aloqa orqali o‘tkazilgan yig‘ilishda sektor rahbarlari, viloyat hokimining o‘rinbosarlari, viloyat hokimligi apparat xodimlari, tashkilot va boshqarmalar rahbarlari, shuningdek, hududiy studiyalardan shahar va tumanlar hokimlari hamda boshqa mas’ullar ishtirok etdi.

Dastlab ijro intizomi masalasi ko‘rib chiqildi. Unda “Ijro.gov.uz” tizimiga biriktirilgan Prezident Farmonlari, Qarorlari, yig‘ilish bayonlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va topshiriqlari ijrosi holati muhokama qilindi. Biriktirilgan topshiriqlarni o‘z muddatida bajarmaganligi uchun viloyat hokimining o‘rinbosarlari, kotibiyat mudirlari va guruh rahbarlari, shahar, tumanlar hokimlari, hamda “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi direktori faoliyati tanqid qilindi.

Shundan so‘ng viloyatda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Joylarda mavjud holat o‘rganilib, sektor rahbarlari va mas’ullarga g‘allani qo‘shimcha oziqlantirish uchun mahalliy o‘g‘it chiqarish ishlarini jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berilishiga qaramasdan, Qiziriq, Qumqo‘rg‘on, Bandixon va Termiz tumanlarida bu boradagi ishlar qoniqarsiz holatda. Ushbu tumanlar hokimlarining sohaga mas’ul o‘rinbosarlariga bir kun muddatda ishlarni joyiga qo‘yish topshirig‘i berilib, belgilangan vazifalar bajarilmagan taqdirda qat’iy choralari ko‘rilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.

Navbatdagi masala, joriy yil 8 yanvar kuni Bandixon tumanida o‘tkazilgan ommaviy sayyor qabul, 9 yanvar kuni o‘tkazilgan “Tadbirkorlar qabuli”, shuningdek, hududlarda o‘tkazilgan o‘rganish jarayonlarida qabul qilingan murojaatlar va mas’ullarga berilgan topshiriqlar ijrosi muhokama qilindi. Shuningdek, viloyat teleradiokanali va “Ishonch” teleradiokompaniyasi tomonidan hududlarda o‘tkazilgan o‘rganishlar bo‘yicha tayyorlangan tanqidiy lavhalar ko‘rib chiqildi.

Viloyat rahbari har bir holat bo‘yicha mas’ullarning axborotini tingladi. Bajarilmagan, hal etilmagan murojaatlar, berilgan topshiriqlar ijrochilari faoliyati tanqid qilindi. Topshiriqlar ijrosiga bir hafta muddat berilib, belgilangan muddatda ijrosini ta’minlamagan mas’ullar lavozimidan ozod etilishi belgilandi.

Shuningdek, viloyat rahbari Termiz shahri hududidagi ta’mirga muhtoj ko‘p qavatli uylarda ta’mirlash ishlarini boshlash, barcha kuch va vositalarni jalb qilgan holda keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirib, joriy yil 20 fevral kuniga qadar ishlarni yakunlash topshirig‘ini berdi. Bandixon tumanida ichimlik suvi quvuri tortish masalasini hal etmaganligi uchun viloyat “Suvoqova” korxonasi rahbariga “xayfsan” berildi. Bir hafta muddatda masala hal etilmasa Bandixon tumani “Suvoqova” korxonasi rahbari ishdan olinishi to‘g‘risida ogohlantirildi.

Joylarda elektr energiyasi, gaz, ichimlik suvi, issiqlik ta’minoti, ko‘mir yetkazib berish masalalarida aniqlangan muammolar hamda viloyat navbatchilik shtabining 1055 raqamiga kelib tushgan 94 ta murojaatning ijrosi bo‘yicha mas’ullarning hisobotlari tinglandi.

Berilgan topshiriqlar ijrosi nazoratga olinganligi, keyingi hafta dushanba kunida ularning ijrosi muhokama qilinishi belgilandi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.