Yo‘l transporti hodisalarining kelib chiqish sabablari tahlil qilindi

Bugun Angor tumani hokimligida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov rahbarligida Transport va Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalari boshliqlari hamda soha mas’ullari ishtirokida aholiga transport xizmati ko‘rsatish sifatini yaxshilash, yo‘llarda transport hodisalarining oldini olish, mavjud muammolar va kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi.

Viloyatda jami 246 mingta avtomobillar mavjud bo‘lib, shundan 221 mingta yengil, 15,8 mingta yuk, 1,7 mingta maxsus transportlar, 936 ta avtobus va 493 ta mikroavtobuslar mavjud. Aholiga 223 ta avtotransport korxonasining 5 801 ta transporti tomonidan yo‘lovchi tashish xizmati ko‘rsatiladi.

Avtomashinalar sonining kun sayin ortib borishi, haydovchilarning belgilangan qoidalarga rioya qilmasliklari oqibatida joriy yilning 3 oyi davomida viloyat hududida 61 ta yo‘l-transport hodisalari sodir etilishi oqibatida 22 nafar inson vafot etgan va yana 41 nafari jarohatlangan.

Muhokama yig‘ilishi davomida ushbu yo‘l-transport hodisalari hududlar kesimida tahil qilindi, sabablar muhokama qilindi. Yo‘llarda harakat xavfsizligini kuchaytirish, kuzatuv kameralari o‘rnatish, situatsion markaz faoliyatini tashkil etish borasida mas’ullarga vazifalar belgilab berildi.

Shuningdek, shahar va tumanlardagi avtoshohbekatlar faoliyati, ularni ta’mirlash, Termiz, Bandixon va Oltinsoy tumanlarida avtoshohbekatlarni tashkil etish masalalari ham muhokama qilinib, transport xizmati ko‘rsatish sifatini yaxshilash, jamoat transportini rivojlantirish va boshqa masalalar yuzasidan kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilandi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.