Surxondaryoda tibbiyot xodimlari sharaflandi
Mamlakatimizda har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi tibbiyot xodimlarining kasb bayrami kuni sifatida keng nishonlab kelinadi. Bugun sana munosabati bilan Termiz shahridagi “Muhtasham” tantanalar saroyida vohalik tibbiyot xodimlari uchun bayram tadbiri tashkil etildi.
Bayram tadbirida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, Prezidentimizning mamlakatimiz sog‘liqni saqlash sohasi xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.



Joriy yilning o‘zida viloyatimizda 15 dan ziyod oilaviy shifokorlik punkti, poliklinikalar hamda olis va chekka hududlarda 60 dan ortiq mahalla tibbiyot punktlari tashkil etilishi natijasida qo‘shimcha ravishda yana 200 mingga yaqin aholini birlamchi tibbiy xizmat bilan qamrab olishga erishilganligi hamda oilaviy poliklinikalarda kunduzgi davolash o‘rinlari tashkil etilishi hisobiga 84 mingga yaqin bemorning shifoxonaga bormasdan, bevosita o‘zi istiqomat qilayotgan mahallada muolaja olish imkoniyatiga ega bo‘lganligi qayd etildi.



Tibbiyot xodimlari bayrami munosabati bilan davlatimiz rahbari farmoni asosida sohaning bir guruh fidoyi xodimlari davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi. Ular orasida 3 nafar surxondaryolik soha fidoyilari ham bor.



Viloyat hokimi ushbu davlat mukofoti sohiblariga qimmatbaho sovg‘alarni topshirdi. Shuningdek, tizimda alohida o‘rnak ko‘rsatgan bir guruh tibbiyot xodimlari viloyat hokimligining faxriy yorliq va sovg‘alari bilan taqdirlandi.




To‘kin va fayzli dasturxon atrofida davom etgan bayram tadbirida vohamizning taniqli san’atkorlari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar sog‘ligimiz posbonlariga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz