Onlayn qabul: Surxondaryolik 1,5 ming nafar fuqaroning murojaati tinglandi
Aholi murojaatlari bilan ishlash samaradorligi va qamrovini oshirish, fuqarolarning uzoq yo‘l bosib, sarson bo‘lishining oldini olish maqsadida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hududiy studiyalar orqali onlayn qabullar o‘tkazib kelmoqda. Bugun ana shunday qabullarning navbatdagisida 1,5 ming vohaliklarning murojaatlari tinglandi.
Dastlab, viloyat rahbari qabulda ishtirok etayotgan vohadoshlarimizni kirib kelayotgan yangi 2024-yil bilan tabriklab, o‘tgan bir yil davomida aholi murojaatlarini hal etish, turmush farovonligini oshirish, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash borasida amalga oshirilgan ishlar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdi.
Xususan, Prezidentimiz tashabbusi bilan 1 mln 700 ming nafar aholiga ichimlik suvi yetkazib beradigan ichimlik suvi loyihasining birinchi bosqichi ishga tushirildi, suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan hududlarga 1170 km suv tarmoqlari va 174 ta inshootlar qurildi, 1 474 km avtomobil yo‘llari va 14 ta ko‘priklar ta’mirlandi, 824 km elektr tarmog‘i tortildi va 376 ta transformator o‘rnatildi. “Yangi O‘zbekiston” massivlarida 1 136 xonadonli 49 ta hamda uy-joyga talab yuqori bo‘lgan boshqa hududlarda 2 247 ta xonadonli 39 ta uylar foydalanishga topshirildi.
Joriy yil davomida sektor rahbarlari tomonidan 3 658 marta sayyor kabullar o‘tkazilib, 29 ming nafar fuqarolarning 31 mingga yaqin murojaatlari tinglangan va aksariyati ijobiy hal kilingan. Ko‘rilgan chora-tadbirlar va murojaatlar bilan manzilli ishlash natijasida viloyatimizda birinchi marotaba o‘tgan yilga nisbatan aholi murojaatlari 27,3 mingtaga kamaygan.
Termiz shahri va tumanlar studiyalari orqali navbat bilan fuqarolar murojaatlari mas’ullar, hududlar rahbarlari ishtirokida tinglandi. Ayrim masalalarga qabul davomida yechim topilgan bo‘lsa, ijrosi muddat va qo‘shimcha o‘rganish talab qiladigan murojaatlar mas’ullarga aniq muddatlar bilan yo‘naltirildi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz