Ulug‘bek Qosimov: “Aholimiz roziligi va farovonligini ta’minlash uchun xalq xizmatchisi sifatida bu yilda ishlarimizni yangi bosqichga olib chiqamiz”

Yangi loyihalar – bu yangi ish o‘rinlari va budjetga qo‘shimcha daromad degani. Shu sababli ham yurtimizda yangi ish o‘rinlari yaratayotgan, davlat iqtisodiyotining tayanchiga aylanayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Jarqo‘rg‘on tumaniga tashrifining dastlabki manzilida ham mazkur masalaga e’tibor qaratib, yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimot bilan tanishish jarayonida viloyat rahbari kambag‘allikka qarshi kurashishning eng asosiy omili yangi ish o‘rinlari ekanligini ta’kidlab, loyihalarni takomillashtirish, ish o‘rinlari sonini oshirish yuzasidan tavsiyalarni berdi. Shuningdek, Oqtepa suv ombori bo‘yida “Ekoturizm” maskani tashkil etish ishlari ham ko‘zdan kechirildi.

Keyingi manzilda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning asosiy manbai bo‘lgan qishloq xo‘jaligi maydonlarini shudgorlash ishlarining borishi “Jarqo‘rg‘on tajriba” fermer xo‘jaligi misolida ko‘rib chiqildi hamda suv isrofini kamaytirish uchun ariqlarni betonlash ishlari ko‘zdan kechirildi. Ishlarni sifatli amalga oshirish, ariqlarni betonlashda tarmoqlarda kuzatilayotgani kabi daraxtlarning tagi yopilib qolmasligini ta’minlash topshirildi.

Viloyat rahbari tuman madaniyat bo‘limi, 20-sonli bog‘cha va 66-sonli maktab “Ma’naviyat sektori”ni tashkil etilishi holati bilan ham tanishdi. Madaniyat xodimlari bilan sohani rivojlantirish, vohaga xos-urf odatlarni saqlash va yosh avlodga o‘rgatish masalalarida suhbat qilindi.

Shundan so‘ng, “Yangi O‘zbekiston” massividagi xonadonlarda isitish tizimining ishlash holati, yangi turar-joylarning qurilishi ko‘zdan kechirildi hamda yangidan quriladigan mahalla binolari taqdimoti bilan tanishildi.

Tashrif so‘ngida viloyat hokimi qator mahallalar “yettiligi” tomonidan 2024-yilda amalga oshiriladigan ishlar rejasi, tuman sektor rahbarlarining tanlab olingan 4 ta qoloq mahallani rivojlantirish bo‘yicha taqdimotlari bilan tanishdi hamda tumanda “IT” xizmatlar eksportini ko‘paytirish va sohalarni raqamlashtirish ishlarining borishi yuzasidan hisobotlarni tingladi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.