Termizda Vatan himoyachilari kuni bayrami keng nishonlandi

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi va Vatan himoyachilari kuni Surxondaryo viloyatida ham katta ko‘tarinkilik bilan nishonlanmoqda.

Bugun bayram tantanalari Termiz shahridagi Xotira maydoniga Surxondaryo viloyati hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari, ofitser, serjant va harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlarimiz faxriylari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida harbiy orkestr musiqa sadolari ostida “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambarlar qo‘yish, Vatanimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi yo‘lida jon fido qilgan yurtdoshlarimizni yod etish tadbirlari bilan boshlandi.

Shundan so‘ng, Termiz shahridagi “San’at saroyi” majmuasida tantanali tadbir o‘tkazildi. Unda Surxondaryo viloyati hokimi – Harbiy-ma’muriy sektor rahbari Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, yig‘ilganlarni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan tabrikladi.

Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy muhofaza qilish, ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, harbiy xizmatga har tomonlama yetuk, Vatanparvar yoshlarni jalb etish davlatimiz belgilab olgan siyosatning ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Harbiy-ma’muriy sektorlarning tashkil etilishi esa Armiya va xalq birdamligini ta’minlashdagi asosiy ko‘prik bo‘ldi.

Xususan, Harbiy-ma’muriy sektorlar tashkil etilgan 2018 yildan buyon viloyatimiz mudofaa tizimi uchun mahalliy budjetdan 299 mlrd so‘m mablag‘ ajratilib, kuch tuzilmalari sharoitlarini yaxshilash va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilishga yo‘naltirildi. Yoki bo‘lmasa, so‘nggi 7 yilda Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilariga 488 ta ipoteka uylari topshirildi.

O‘tgan, 2023 yilning o‘zida Jarqo‘rg‘on, Muzrabot va Termiz tumanida joylashgan Chegara qo‘shinlari bo‘linmalari uchun jami 114 ta xizmat xonadonlari qurib, foydalanishga topshirildi. Termiz tumanidagi 20 ta xizmat uyi kapital ta’mirlandi. Chegara vzvodlarida 94 ta tikuvchilik, 41 ta qandolatchilik sexlari ishga tushirilib, 135 nafar harbiy xizmatchining oila a’zosi ish bilan ta’minlandi.

Termiz shahrida harbiy qurol-aslahalar, kutubxona, ma’naviyat bo‘limlarini o‘z ichiga olgan “Vatanparvarlar bog‘i”ning ochilishi yoshlarimizni harbiy-Vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Tantanali tadbirda Qurolli kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda xizmat qilayotganlarning bir guruhi viloyat hokimining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Bayram tadbirlari Termiz shahridagi “Grand Almaz” tantanalar saroyida, to‘kin dasturxon atrofida davom etdi. Qurolli Kuchlar orkestr va ansambl jamoalari va viloyat Madaniyat boshqarmasi san’atkorlari ishtirokidagi konsert dasturi osoyishta yurt posbonlariga bayram kayfiyatini ulashdi.

 

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.