Mahalla raislari va faollari bilan uchrashuv o‘tkazildi

Prezidentimizning 2023-yil 21-dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida” Farmoni hamda “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Surxondaryo viloyati mahallalarni qo‘llab-quvvatlash kengashining tashkiliy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

 

Unda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etdi. Sohada alohida maxsus organ bo‘lmaganligi mahallalarni rivojlantirishdagi e’tiborni susaytirayotgani, mahallalar faoliyati ustidan nazorat va monitoring davlat organi zimmasiga yuklatilganligi ularning o‘zini o‘zi boshqarish organlari maqomiga zid bo‘lib qolganligi qayd etildi.

Ushbu masalaning yechimi sifatida Prezidentimizning Farmon va qarori bilan nodavlat notijorat tashkilot sifatida O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda uning viloyat va tumanlardagi bo‘linmalari tashkil etildi.

Uyushmaning asosiy vazifalari – mahallaning xalq bilan davlat o‘rtasidagi «ko‘prik» vazifasini amalga oshiruvchi xalqchil tuzilmaga aylanishini ta’minlash, har bir fuqaro o‘zi va oilasining kelajagi, moliyaviy ahvoli va farovonligini ta’minlashda mas’uliyatni sezishi, boqimandalikka o‘rganmaslik hissini yanada kuchaytirish ishlarini amalga oshirish, fuqarolarning o‘z uyi va ko‘chasini ozoda saqlash, milliy qadriyat va urf-odatlarni hurmat qilish, aholi o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash choralarini ko‘rishdan iboratdir.

Bundan tashqari, «Mahalla balansi» yagona platformasi yaratiladi. Bundan buyon, davlat organlari faqat yagona platformada yuritiladigan hisobotlarni so‘raydi, boshqa hisobotlarni so‘rash taqiqlanadi. Yana bir muhim yangilik – Investitsiya dasturlarini shakllantirishda mahalla «yettiligi» tomonidan bildirilgan takliflarni inobatga olish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Viloyat rahbari yangi tizim bo‘yicha ishlarni samarali tashkil etish, mahallalarning chin ma’noda o‘sha hududning haqiqiy “egasi”, muammolarning manzilli yechimiga ko‘maklashuvchi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqaruvchi organiga aylantirish lozimligini ta’kidlab, bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarga ham to‘xtalib o‘tdi.

Yakunda Kengash a’zolarining ma’ruzalari tinglanib, Uyushmaning ta’sis konfrensiyasida Surxondaryo viloyati nomidan ishtirok etadigan delegatlar saylab olindi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.