Termiz shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi

Xabar berib borayotganimizdek, Surxondaryo viloyati hokimi har kuni hududlarda aholi turmush farovonligini yaxshilash, yangi loyihalarni amalga oshirish, ish o‘rinlari yaratish borasidagi ishlar hamda taqdimotlar bilan tanishmoqda.

Bugun shunday tanishuvlar Termiz shahrida o‘tkazildi.

Dastlab, shaharning 1-sektor binosida “Ma’naviyat sektori”ni tashkil etish ishlari ko‘zdan kechirildi. Shu yerning o‘zida og‘ir hudud sifatida tanlab olingan 4 ta mahallada amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan sektor rahbarlari hamda mahallalar “yettiligi”ning axborotlari tinglandi. Jumladan, aholi salomatligini asrash, kasalliklar profilaktikasini olib borish, yoshlar bilan ishlash, kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar banligini ta’minlash va ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish kabi masalalardagi hisobotlar eshitildi. Shahar hududini ko‘kalamzorlashtirish, daraxt ko‘chatlari ekish ishlarini jadallashtirish vazifalari topshirildi.

Keyingi manzilda viloyat rahbari “Texron-Surxon karpets” MChJning gilam mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Korxonaga keltirilgan yangi texnologiyalar asosida mahsulot ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Viloyat rahbari ishchi-xodimlarning korxonada yaratilgan sharoitlar haqidagi fikrlarini tingladi.

Shundan so‘ng, viloyatimizda yagona xususiy oliygoh – Termiz iqtisodiyot va servis institutining yangi o‘quv binosi qurilishi hamda institut faoliyati yuzasidan taqdimot o‘tkazildi. Oliygoh tomonidan ilg‘or xorijiy davlatlarda iqtidorli talabalarning amaliyot o‘tashi hamda o‘qituvchilarning malakasini oshirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Viloyat rahbari, “Alpomish kurash majmuasi”ning qurilish ishlari bilan ham tanishdi. Hozirda loyiha qurilishi yakuniy bosqichda bo‘lib, ishlar yakuniga yetgach, sportchilar uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi. Shu yerda Termiz shahar hokimi 2024-yilda xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish, eksport prognozlarini bajarish, yirik loyihalarni ishga tushirish bo‘yicha rejalari haqida taqdimot qildi. Investitsiya dasturi, uy-joy kommunal sohasidagi ishlar, aholini arzon va qulay uy-joylar bilan ta’minlash, subsidiyalarni o‘zlashtirish hamda boshqa masalalar yuzasidan ham axborotlar berildi.

Tashrif davomida “Indenim” savdo majmuasida ham bo‘linib, yaratilgan sharoitlar, mahsulotlar narxlari bilan tanishildi. O‘zimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, xususan, kiyim-kechaklarning xalqimizga arzon narxlarda sotilishini ta’minlash yuzasidan tadbirkor bilan suhbat qilindi.

Shahar bo‘ylab o‘tkazilgan o‘rganishlar yakunida “IT Park Surxondaryo filiali” uchun tanlab olingan bo‘sh binolar taqdimoti o‘tkazildi. Har tomonlama qulay, barcha sharoitlarni o‘z ichiga oladigan binoni tanlash, yoshlarni o‘qitish hamda “IT” xizmatlar sohasini rivojlantirish va eksportni ko‘paytirish bo‘yicha vazifalari topshirildi.

3 izoh

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.