Surxondaryo viloyati hokimi yoshlar bilan navbatdagi uchrashuvini o‘tkazdi

Prezidentimiz huzurida joriy yil 12-yanvar kuni o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida yoshlar masalalariga alohida to‘xtalinib, ularni Vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha muhim topshiriqlar va har bir rahbarga yoshlar bilan individual ishlash vazifasi yuklangan edi.

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov belgilab berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash, yoshlarning muammo va murojaatlarini tinglash, taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Angor tumanida yoshlar bilan navbatdagi uchrashuvini o‘tkazdi. Videokonfrensaloqa tarzida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Termiz shahri va boshqa tumanlar yoshlari ham ishtirok etishdi.

– Hurmatli Prezidentimiz har bir chiqishlarida, hox u dunyo miqyosida bo‘lsin, xoh u mintaqaviy yoki mahalliy bo‘lsin birinchi navbatda yoshlar masalalariga alohida e’tibor qaratadilar. Ertangi kunimiz, yurtimiz kelajagi siz aziz yoshlar bilan bog‘liq. Shu boisdan yurtimizda yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga olib chiqilgan. Bizning oldimizga ham yoshlar bilan ishlash birinchi galdagi vazifa sifatida qo‘yilgan. Bugungi urashuvimizda ham sizlar bilan ochiq muloqot qilib, mavjud muammolarga yechim izlaymiz hamda taklif va tashabbuslaringizni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini belgilab olamiz – deya ta’kidladi viloyat rahbari uchrashuv avvalida.

Muloqot davomida shahar va tumanlarga biriktirilgan mutasaddilarning yoshlar yetakchilari bilan shaxsan ishlab, yoshlarning muammolarini manzilli o‘rganish, hal etish bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlari va kelgusidagi rejalari to‘g‘risidagi hisobotlari tinglandi. Shundan so‘ng, hududiy studiyalardan yoshlarning muammolari tinglandi.

Viloyat rahbari yoshlar muammolarini statistika yoki qog‘ozda emas, amalda hal etish lozimligini ta’kidladi.

Uchrashuvdan keyin viloyat rahbari mutasaddilar bilan aholini qiynab kelayotgan yana bir muhim masala – tibbiyot muassasalarida dori-darmonlarning ishlatilishi ahvolini muhokama qildi. Ayrim tumanlarda o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida tibbiyot birlashmalari boshliqlari ushbu masalani o‘z holiga tashlab qo‘yganligi, bemorlarga keraksiz dori-darmonlar yozilib, ma’lum bir dorixonalarga yo‘naltirish holatlari sodir etilganligi aniqlangan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlardan ushbu holatlarni batafsil o‘rganib, aybdorlar harakatiga huquqiy baho berish so‘raldi.

Aholimiz qonunlarimizda belgilangani kabi bepul, sifatli va kafolatlangan tibbiy xizmatni olishi shartligi, ularga budjetdan ajratilayotgan dori-darmonlarni manzilli yetkazish lozimligi qayd etildi. Mutasaddilarga fuqarolarimizning malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqini so‘zsiz ta’minlash, bu borada doimiy va qat’iy nazorat o‘rnatish vazifalari topshirildi.

1 izoh

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.