Denov tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush farovonligini yaxshilash, yangi loyihalarni ishga tushirish orqali ish o‘rinlari yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Denov tumanida bo‘ldi.

Tumanga tashrifning dastlabki manzili Denov pedagogika kolleji bo‘ldi. Mutasaddilarning e’tiborsizligi sabab kollejning o‘quv binolari ta’mirtalab holga kelib qolganligi, joriy yilda yotoqxonasi ta’mirlangan bo‘lsada, hozirda isitish tizimi ishlamayotganligi tanqid qilindi. Mas’ullarga qisqa muddatda ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklarni bartaraf etib, bino imkoniyatlaridan samarali foydalanish, yoshlarga kasb-hunar o‘rgatish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish, kollej hududini obodonlashtirish vazifalari topshirildi.

Shundan so‘ng, “Paxtakurash” mahallasida joylashgan madaniyat binosi ko‘zdan kechirildi. Ob’ektda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishildi. Madaniyat binosini ta’mirlash va undan maqsadli foydalanish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shu yerning o‘zida qator mahallalar “yettiligi” tomonidan 2024-yilda amalga oshiriladigan ishlar rejasi, tuman sektor rahbarlari tanlab olingan 5 ta qoloq mahallani rivojlantirish bo‘yicha taqdimot qildi.

Shuningdek, viloyat rahbari “Paxtakurash” mahalla fuqarolar yig‘ini idorasida bo‘lib, “yettilik” faoliyati hamda o‘tgan yilda amalga oshirgan ishlari va kelgusidagi rejalari bilan tanishdi. “Yettilik” faoliyati e’tirof etilib, ushbu namuna asosida viloyatdagi barcha mahallalarda ishlarni tashkil etish lozimligi qayd etildi.

Viloyat rahbari ushbu mahalladagi 11-sonli oilaviy poliklinikada ham bo‘lib, uning faoliyati, patronaj xizmatini ko‘rsatish, kasalliklar profilaktikasini olib borish ishlari bilan tanishdi. Hududning kasalliklar dinamikasi va “Surxondaryo tajribasi” asosida aholi salomatligini asrash yuzasidan bajarilayotgan ishlar taqdimot qilindi. Shundan so‘ng, mahalladagi 37-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati bilan tanishilib, bolalarda milliy o‘zlik va milliy qahramonlar haqidagi tasavvurlarni shakllantirish maqsadida bog‘chalarni turli rasmlar, haykallar va o‘yinchoqlar bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Tashrif Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida davom etdi. Viloyat rahbariga institutning yangi o‘quv binosi, muzey va “IT” markaz faoliyati hamda institut dasturchilari tomonidan turizm yo‘nalishida ishlab chiqilgan dasturiy mahsulotlar tanishtirildi. Shuningdek, shu yerning o‘zida Denov tumani hokimi joriy yilda eksport va investitsiya rejalarini bajarish, mahalliy budjet tushumlarini oshirish, yangi loyihalarni ishga tushirish orqali ish o‘rinlari yaratish hamda “IT” xizmatlar eksportini ko‘paytirish borasidagi rejalarini taqdimot qildi.

Tashrif yakunida viloyat rahbari sanoat va eksportyor korxonalar rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazib, ularning mavjud muammolarini tingladi. Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan muammolarni hal etish, past quvvatda ishlayotgan korxonalar samaradorligini oshirish yuzasidan mas’ullarga chora-tadbirlar belgilab berildi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.