Ulug‘bek Qosimov: Eng achinarlisi yashirin iqtisodiyot sabab ishchilar kelgusida pensiyaga chiqishlari uchun zarur bo‘lgan ish stajlaridan mahrum bo‘lmoqda!

Davlatimiz rahbari huzurida joriy yil 16-yanvarda o‘tkazilgan 2024-yilda makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash, qurilish sohasida “Yashirin iqtisodiyot”ga qarshi kurash masalalari yuzasidan muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi.

Surxondaryo viloyati hokimi rahbarligida o‘tkazilgan muhokamada qurilish sohasidagi qator dasturlar ijrosi tahlil qilindi. Viloyatda 2024-yilda “Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish” dasturiga jami 153 ta obyekt kiritilgan bo‘lib, shundan, 109 ta yangidan boshlanuvchi, 44 tasi yildan yilga o‘tuvchi loyihalar hisoblanadi. Maktablar qurish, rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash bo‘yicha 58 ta obyektdan 15 tasining loyiha-smeta hujjatlarlarini ishlab chiqish oxiriga yetkazilmagan. Maktabgacha ta’lim va sog‘liqni saqlash obyektlarining 8 tasida komleks ekspertiza hulosalari olinmagan.

Loyihalarni ishlab chiqishni “shablon” qilmasdan, har bir hududning o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib, birinchi navbatda kelgusida uning samaradorlik ko‘rsatkichlarini hisobga olish lozimligi qayd etildi.

Viloyat rahbari qurilish sohasidagi “Yashirin iqtisodiyot”ning davlat va jamiyat rivojiga, aholi turmush farovonligiga salbiy ta’siriga ham to‘xtalib o‘tdi.

– Doimiy ravishda tadbirkorlarning soliq hisobotlarini to‘g‘irlash yoki “yashirin iqtisodiyot”ga barham berish bo‘yicha qator ishlar olib borilishiga qaramasdan 2023-yil davomida 4 288 ta holatda 917,0 mlrd so‘m budjetga soliqlar hisoblanmasdan, berkitib kelingani aniqlangan. Tahlil natijalariga ko‘ra faoliyat ko‘rsatib kelayotgan 1 794 ta korxonadan 737 tasi yoki 41 foizi soliq hisobotlarida ishchilar sonini 1 nafar ko‘rsatib kelgan. Vaholanki, ushbu korxonalar tomonidan o‘tgan yilning o‘zida 89,2 mlrd so‘mlik qurilish ishlari bajarilgan. Mazkur korxonalar haqiqatda ishlayotgan xodimlar sonini soliq hisobotlarida kam ko‘rsatib, ularga “konvert” usulida ish haqi berish orqali budjetga soliq to‘lashdan qochmoqda. Eng achinarlisi, bu holatlar hisobotda ko‘rsatilmagan ishchilarni kelgusida pensiyaga chiqishlari uchun zarur bo‘lgan ish stajlaridan mahrum qilmoqda – deya ta’kidladi viloyat rahbari. 

Sohada “yashirin iqtisodiyot”ga qarshi qat’iy kurash, korxonalarni sog‘lomlashtirish, tadbirkorlarga halol faoliyat yuritish har tomonlama foydali ekanligini tushuntirish yuzasidan mutasaddi tashkilot va organlarga vazifalar belgilab berildi.

Yig‘ilishda umumiy ovqatlanish shahobchalari tomonidan mijozlarga xarid cheklarini bermaslik holatlari aniqlanayotganligi ta’kidlanib, soliq organlariga restoran, kafe va sohadagi boshqa xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar bilan manzilli ishlab, tushuntirish ishlarini olib borish, ularning qonuniy faoliyat yuritishini ta’minlash vazifasi yuklandi.

Shuningdek, yig‘ilishda “Tashabbusli budjet” dasturining 2023-yil 2-mavsumi ijrosi ham tahlil qilindi. Qurilish-ta’mirlash ishlari sust olib borilayotgan 47 ta obyektda ishlarni jadallashtirish, 6 ta obyektdagi xarid ishlarini yakuniga yetkazish topshirildi.

Muhokama yakunida viloyat rahbari, Prezidentimizning daryo o‘zanlaridan noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilish to‘g‘risidagi qaroriga ham to‘xtalib, Surxondaryo daryosi o‘zanidan noqonuniy foydalanish holatlarini zudlikda to‘xtatish, buning ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish vazifasini qo‘ydi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.