Surxondaryoda “IT” va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha “HUAWEI”, “Foxconn” va “Nuwa Robotics CIS Group” kabi yirik kompaniyalar bilan hamkorlik qilinadi
Ayni vaqtda Xitoy davlatida bo‘lib turgan Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov IT sohasida dunyoda yirik korporatsiyalardan bo‘lgan “HUAWEI”, “Foxconn” va “Nuwa Robotics CIS Group” kompaniyalarida bo‘lib, ularning faoliyatlari bilan tanishdi. Kompaniya rasmiylari bilan o‘tkazilgan muzokaralar yakunida Surxondaryo viloyatida aloqa va axborotlashtirish, raqamli iqtisodiyot yo‘nalishlarida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, viloyatimiz rahbari tashrif davomida kompaniyalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan yangi dasturiy mahsulotlar va elektrotexnika vositalari taqdimotlari, ularning qulaylik hamda afzalliklari bilan ham tanishdi.
Shundan so‘ng, viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov boshchiligidagi delegatsiyamiz Xitoy davlatining uchta kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. «Sichuan International Trade Cloud Service Technology Co., Ltd» kompaniyasi rasmiylari bilan o‘tkazilgan muzokaralarda «Pomir Agroklaster» MChJ bilan mashinasozlik sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqarish, yig‘ish va sotish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, «Xinjiang Wandi International Trade Co., Ltd» kompaniyasi bilan og‘ir yuk mashinalari va dvigatellarni yig‘ish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga kelishildi hamda xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘yicha “Shenzhen Santu Construction Group Co., Ltd.” kompaniyasi bilan mehmonxona qurish loyihasi muhokama qilinib, dastlabki kelishuvga erishildi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz