Muzrabot tumanida mahalla “yettiligi”, ta’lim va sog‘liqni saqlash maskanlari faoliyati hamda yoshlarni Vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlarining borishi bilan tanishildi
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Muzrabot tumaniga tashrif buyurdi. Tashrifning dastlabki manzilida viloyat rahbari 47-sonli oilaviy shifokorlik punktida bo‘ldi.
Tibbiyot muassasasida aholi salomatligini asrash, kasalliklar profilaktikasi va davolash bo‘yicha “Surxondaryo tajribasi”ni yo‘lga qo‘yish ishlari bilan tanishildi, amalga oshirilgan ishlar yuzasidan mutasaddilarning axborotlari tinglandi. Aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish hamda tajribani samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida patronaj hamshiralarga zarur tibbiy asbob-uskunalar jamlangan sumka va planshetlar, tibbiyot maskani uchun kompyuter jamlanmalari topshirildi. Muassasada tashkil etilgan fitobar ham ko‘zdan kechirildi.
Shundan so‘ng, viloyat rahbari 31-sonli maktabda bo‘lib, o‘quvchi-yoshlarni darsdan keyingi fan to‘garaklariga jalb qilish, Vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlarining borishi bilan tanishdi. Xususan, o‘zlashtirishi past, tarbiyasi og‘ir o‘quvchilar bilan ishlash, musiqa va rabototexnika to‘garaklari hamda maktabda tashkil etilgan mahalladagi ishsiz yoshlarni nemis tiliga o‘qitish kurslari faoliyati ko‘zdan kechirildi. Yoshlar bilan o‘tkazilgan suhbat davomida kurslarda ishtirok etayotganlarning o‘qish pullari davlat hisobidan to‘lab berilayotganligi, nemis tilini puxta egallaganlar Germaniya davlatiga yuqori daromadli ishga yuborilishi aytib o‘tildi.
Shuningdek, viloyat rahbari 9-sonli bog‘chada yaratilgan sharoitlar va “Ma’naviyat xonasi”ning tashkil etilishi bilan tanishdi. Bolajonlar bilan suhbat qilinib, ularga sovg‘alar topshirildi. Bog‘chada ta’lim-tarbiya jarayonlari uchun yetarli sharoitlar yaratilganligi hamda qo‘g‘irchoq teatri namoyishi yo‘lga qo‘yilganligi e’tirof etildi. Tashrifda ishtirok etgan shahar va tumanlarning 3-sektor rahbarlariga o‘z sektorlaridagi bog‘chalarda ishlarni ushbu namuna asosida tashkil etish vazifasi qo‘yildi.
“At-Termiziy” mahallasi idorasida “Ma’naviyat sektori”ning tashkil etilishi ko‘zdan kechirilib, “yettilik”ning faoliyati yuzasidan hisobotlari tinglandi. Mahalla idorasi yonida tikuvchilik sexi va suvenir gullar yasash kurslari faoliyati ham ko‘zdan kechirildi. Mahallaga tashrif davomida hududdagi kasb-hunar maktabi faoliyati bilan ham tanishildi.
Tuman markazidan 30 km uzoqlikdagi “Guliston” mahallasida umumiy qiymati 5,2 mlrd so‘m evaziga yangidan qurilgan, hududdagi 7 ta mahallaga xizmat ko‘rsatuvchi tug‘ruq kompleksi binosi foydalanishga topshirildi. Viloyat rahbari nuroniylar bilan kompleksda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Hamshiralar uchun tibbiyot sumkalari topshirildi.
Muzrabot tumaniga tashrif yakunida viloyat hokimi 51-sonli maktabda tashkil etilgan harbiy-Vatanparvarlik festivalida ishtirok etdi. Yosh gvardiyachilarning sahnalashtirilgan chiqishlari, qurol-aslahalar ko‘rgazmasidan so‘ng, yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuv davomida tumanga biriktirilgan mas’ullarning yoshlarni Vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida olib borayotgan ishlari yuzasidan axboroti tinglandi. Muzrabot tumanida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni viloyat rahbari e’tirof etib, belgilab berilgan topshiriqlar ijrosini sifatli yo‘lga qo‘yganligi uchun minnatdorchilik bildirdi. Yoshlarni turli fan va sport to‘garaklariga jalb qilish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ishsiz yoshlarni nemis tiliga o‘qitish masalalari mohokama qilinib, mutasaddilarga tegishli vazifalar belgilab berildi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz