Sho‘rchi tumaniga tashrif: Hunarmandchilik ko‘rgazmasi, “Ma’naviyat sektori” va mahalla “yettiligi” faoliyati, tibbiyot klasteri va maktab qurilishi taqdimoti
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hududlarga tashrifi dasturiga muvofiq bugun Sho‘rchi tumanida bo‘ldi. Dastlab, tumandagi Jamoat salomatligi texnikumiga borildi.
Texnikumda tumandagi hunarmandlar tomonidan tayyorlanayotgan milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rganmasi bilan tanishildi. Tuman madaniyat markazi huzuridagi "Bulbuligo‘yo" folklor-etnografik xalq ansambli va baxshining chiqishlari namoyish etildi. Viloyat rahbari shu yerning o‘zida “Ma’naviyat sektori” faoliyati bilan ham tanishib, tuman hokimi va mutasaddilarga tegishli vazifalarni belgilab berdi. Shuningdek, yoshlarga xorijiy tillarni o‘rgatish kurslarining tashkil etilishi jarayonlari ham ko‘zdan kechirildi.
Keyingi manzil “Shaldiroq” mahallasi bo‘ldi. Mahalla “yettiligi” tomonidan amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar yuzasidan axborot berildi. Viloyat rahbari shu yerda faollar bilan uchrashib, mahalladagi mavjud muammolarni tingladi. Uchrashuvda mas’ullarga elektr tarmoqlarini tortish hamda ichimlik suvi bilan bog‘liq muammoni hal etish vazifasi yuklandi.
Tumanning “Oqkamar” mahallasidagi 1-sonli kasb-hunar maktabi binosida tadbirkor tomonidan “Tibbiyot klasteri” loyihasi taqdimot qilindi. Umumiy qiymati 20 mln dollar bo‘lgan ushbu loyiha 1 000 o‘rinli tibbiyot yo‘nalishidagi oliy ta’lim maskani, 150 o‘rinli davolanish va diagnostika markaziga ega klinika, yotoqxona uchun 50 o‘rinli “apart hotel” binolaridan iborat bo‘lib, 500 ta ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. Viloyat rahbari loyiha bilan batafsil tanishib, mas’ullarga qonunchilik talablariga asosan “Tibbiyot klasteri” loyihasini amalga oshirish uchun yer maydoni yoki bo‘sh binolar ajratish masalasini hal etish vazifasini topshirdi.
Shundan so‘ng, tumanda ichki ariqlarni betonlash, tinim davrida bo‘sh yer maydonlarini shudgorlash ishlarining borishi bilan ham tanishildi. Ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish, g‘alla parvarishini sifatli amalga oshirish, mahalliy o‘g‘itlar chiqarilishini to‘liq ta’minlash lozimligi ta’kidlandi.
Tashrifning keyingi manzili “Baxshtepa 1” mahallasi bo‘ldi. Dastlab, hududda yangi maktab qurish uchun tanlangan joy bilan tanishildi. Yangi maktab quriladigan hudud va mahalladagi mavjud 51-sonli maktabga boruvchi yo‘llarni asfaltlash bo‘yicha topshiriqlar berildi. Mahallaga tashrif davomida viloyat rahbari 51-sonli maktab holati va yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishdi.
Maktab binosida shahar va tumanlardan og‘ir hudud sifatida tanlab olingan mahallalarga biriktirilgan viloyat va tuman tashkilotlari rahbarlari hamda mutasaddilar ishtirokida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Aholi farovonligi va fuqarolarimizning davlatdan roziligini ta’minlash uchun ushbu mahallalarda infratuzilmani yaxshilash ishlarini sifatli amalga oshirish, bunda har bir rahbar ishlarni vijdonan bajarishi lozimligi ta’kidlandi.
Shu bilan viloyat hokimining Sho‘rchi tumaniga tashrifi yakunlandi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz