Yaponiya delegatsiyasi Surxondaryoda
O‘tgan yilning dekabr oyida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov boshchiligidagi delegatsiyamizning Yaponiyaga tashrifi davomida qator loyihalar hamda o‘zaro yaqin aloqalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgandi.
Mazkur kelishuvlarga ko‘ra Yaponiya konsulligi, savdo, turizm va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida faoliyat yurituvchi kompaniyalar vakillari hamda investorlardan iborat delegatsiya bugun Termiz shahriga yetib keldi. Delegatsiyani viloyat hokimining o‘rinbosarlari hamda boshqa mutasaddilar kutib olishdi.
Mehmonlar dastlab, Termiz tumanida joylashgan “Termez National Carpets” MChJning gilam mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonasiga tashrif buyurishdi. Ishlab chiqarish jarayonlari va tayyor gilamlar bilan tanishgan yaponiyalik mehmonlar sohani rivojlantirish uchun investitsiya kiritish bo‘yicha qiziqishlar bildirishdi. Umumiy qiymati 236 mlrd so‘m bo‘lgan mazkur korxona tomonidan yiliga 4,5 mln kvadrat metr gilam ishlab chiqarilayotgan bo‘lib, mahsulotlarning 55 foizi ichki bozorga, 45 foizi eksportga yo‘naltiriladi.
Shundan so‘ng delegatsiya a’zolari Yapon olimlari va sayyohlari diqqat markazida bo‘lib kelayotgan, Kushon podshohligi hukmronligi davrida bunyod etilib, O‘rta Osiyo hududidagi eng qadimgi Buddaviylik majmualari bo‘lgan "Fayoztepa" va "Qoratepa"ga tashrif buyurdilar.
Buddaviylik dinining ilk o‘choqlaridan hisoblangan mazkur joylarga ushbu dinga sig‘inadigan davlatlarda, xususan, Yaponiyada katta qiziqish bilan qaraladi. Miloddan avvalgi III asrlarda Hindiston hududidan O‘rta Osiyoga, xususan, zamonaviy Surxondaryo viloyatiga kirib kelgan Buddaviylik, falsafiy ta’limotdan "davlat dini" darajasiga qadar rivojlanishi ushbu tarixiy yodgorliklar, o‘z davrida Buddaviylikning uzoq Sharqqa keng tarqalishiga juda ham muhim o‘rinni egallaydi.
Tashrif davomida delegatsiyasi a’zolarida “Fayoztepa” va “Qoratepa” majmualari katta tassurot uyg‘otgani ta’kidlandi.
Viloyatimiz delegatsiyasining Yaponiyaga tashrifida erishilgan sog‘liqni saqlash yo‘nalishidagi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish maqsadida Termiz shahridagi “Mashhura” tibbiy diagnostika markazi ko‘zdan kechirildi. Surxondaryoda tibbiyot yo‘nalishida amalga oshirilayotgan loyihalar, sohaning istiqbollari yuzasidan ma’lumotlar berildi.
Shundan so‘ng, Yaponiya delegatsiyasi “Termiz xalqaro savdo markazi”da bo‘lib, bu yerda amalga oshirilayotgan loyihalar, logistika va tibbiyot markazlari, afg‘onistonliklar hamda boshqa xorijliklar uchun joriy qilingan vizasiz rejim imkoniyatlari hamda kompleksning iqtisodiy salohiyati bilan tanishishdi. Yaponiya O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan Afg‘oniston orqali Pokistonning Karachi portiga chiqish, shu orqali dunyo davlatlari bilan dengiz yo‘li aloqalarni yo‘lga qo‘yish loyihasiga katta qiziqish bildirayotganligi qayd etildi.
Mehmonlar Termiz shahridagi “Dream Silk Tekstil” MChJning jundan to‘qilgan gilamlar ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan ham tanishishdi. Qo‘l mehnati Yaponiyada juda qadrlanishi, jundan to‘qilgan gilamlarning shifobaxshligi e’tiborga olinib, kelgusida mahsulotlarning Yaponiyada sotuvini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Delegatsiya a’zolari Termiz arxeologiya muzeyida bo‘lishib, bu yerda saqlanayotgan O‘rta Osiyoga oid tarixiy eksponatlar hamda “Fayoztepa” va “Qoratepa” majmualaridan keltirilgan topilmalar bilan tanishishdi.
Yaponiya delegatsiyasi vohamizning havo iqlimi va tuproq unumdorligini e’tiborga olib, 5 ming gektar maydonda kivi yetishtirish loyihasini amalga oshirish taklifi bilan chiqishgan. Bugun ushbu loyihaga start berilib, kivi ko‘chatlari ekildi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz