Surxondaryo-Yaponiya biznes forumi o‘tkazildi. Yangi loyihalar bo‘yicha kelishuvlar imzolandi
Yaponiya konsulligi, savdo, turizm va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida faoliyat yurituvchi kompaniyalar vakillari hamda investorlardan iborat delegatsiyaning viloyatimizga tashrifi dasturiga muvofiq “Termiz Palace” mehmonxonasida Surxondaryo-Yaponiya biznes forumi o‘tkazildi. Forumda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etdi.
– Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan O‘zbekiston-Yaponiya hamkorlik aloqalari tez sur’atlarda rivojlanib bormoqda. Natijada davlatlarimiz hududlari o‘rtasida savdo, iqtisodiy va investitsiyaviy hamda turizm yo‘nalishlaridagi hamkorlik aloqalari yuqori darajada davom etmoqda. Tokio shahriga 2023 yil 1-6 dekabr kunlaridagi amaliy tashrifimizda 4 ta ikki tomonlama hamkorlik bitimlari, yana 208 mln dollarga teng 4 ta investitsiya kelishuvini imzoladik. Fursatdan foydalanib, Yaponiyaga tashrifimiz davomida o‘tkazilgan uchrashuvlar va tashkilotchilik uchun yaponiyalik do‘stlarimizga, xususan, Nagoya shahridagi Faxriy Konsulimiz Ito Hiroyukiga yana bir bor minnatdorchilik bildiraman – deya ta’kidladi viloyat rahbari forumdagi chiqishi avvalida.
Shundan so‘ng, forum doirasida “B2B” va “B2G” uchrashuvlari o‘tkazildi. Uchrashuvlarda Surxondaryoda fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sanoat, savdo, turizm yo‘nalishlarida hamkorlik, ko‘mir, neft, tabiiy gaz, tuz, kaliy, gips, rangli metallar va boshqa tabiiy boyliklarni qazib olish, qayta ishlash kabi loyihalarni birgalikda amalga oshirish yuzasidan yapon investorlari va kompaniyalari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazildi. Yakunda qator loyihalar bo‘yicha kelishuvlarga erilishib, shartnomalar imzolandi.
Forumdan so‘ng, Yaponiya delegatsiyasi sharafiga madaniy tadbir o‘tkazildi. Unda ikki xalqning milliy madaniyatlari, raqs va qo‘shiqlari namoyish etildi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz