Yaponiya delegatsiyasining ikkinchi guruhi Surxondaryoga tashrif buyurdi

Bugun O‘zbekiston-Yaponiya xalqaro iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar parvarishiga oid xizmatlar ko‘rsatish, turizm, o‘quv markazlari tashkil etish, mehmonxona xizmatlari yo‘nalishidagi Yaponiya kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiya Termizga tashrif buyurdi. Kuni-kecha Yaponiyaning birinchi delegatsiyasi kabi bugungi guruh ham viloyatimizdagi qator ishlab chiqarish, xizmatlar va logistika markazlari hamda tarixiy va diqqatga sazovor joylar bilan tanishishdi.

Kunning birinchi yarmida mehmonlar “Termiz xalqaro savdo markazi” faoliyati bilan tanishishdi. Shuningdek, qo‘shni Afg‘oniston davlati bilan amalga oshirilayotgan savdo-iqtisodiy aloqalar, transport va logistika yo‘nalishlaridagi loyihalarning borishi haqida axborotlar olishdi. Shundan so‘ng, Termiz tumanidagi “Termez National Carpets” MChJning gilam ishlab chiqarish korxonasida bo‘linib, ishlab chiqarish jarayonlari hamda tayyor gilam mahsulotlarini ko‘zdan kechirishdi.

Yaponlar tarixiy joylar, jumladan, “Sulton Saodat” majmuasi bilan ham tanishishdi. Termiz shahridagi Surxondaryo tarixi va madaniyati muzeyi, u yerda saqlanayotgan eksponatlar hamda qadimgi buddizm maskanlaridan keltirilgan topilmalar yaponlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Kunning ikkinchi yarmida yapon kompaniyalari vakillari hamda viloyatimiz tadbirkorlari ishtirokida Surxondaryo-Yaponiya biznes forumi o‘tkazildi. Unda Surxondaryoning investitsiya va turizm salohiyati haqida moderatorlar hamda mutasaddilar tomonidan axborotlar berildi. Ikki tomon rasmiylari so‘zga chiqishib, hamkorlikning yangi istiqbollari, kelgusidagi rejalar, amalga oshirilishi maqsad qilingan loyihalarga to‘xtalishdi.

– O‘zbeklar va biz yaponlarning o‘xshash jihatlarimiz ko‘p. Odamlaringizning maqsad sari sobit borishi, mehnatsevarligi, yurtingizda investitsiyalar kiritish uchun katta salohiyat mavjudligi bizni O‘zbekistonda yangi loyihalarni amalga oshirishga undamoqda – deydi forumda so‘zga chiqqan “Fujiec” kompaniyasi bosh direktori Okuda Takefumi.

Forum doirasida o‘tkazilgan “B2B” va “B2G” uchrashuvlarida turizm, mehmonxona, qariyalar va nogironlarni parvarishlashga oid xizmatlar, o‘zaro mutaxassislarni almashish masalalari muhokama qilindi. Yakunda tomonlar 3 ta loyihani amalga oshirish bo‘yicha shartnomalarni imzolashdi.

Tashrif yakunida Yaponiya delegatsiyasi uchun madaniy tadbir o‘tkazildi. Unda vohaga xos milliy cholg‘ular, folklor jamoalarning chiqishlari hamda Surxoncha raqslar namoyish etildi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.