Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga yangi boshliq tayinlandi

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po‘lat Bobojonov va Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov rahbarligida viloyat, shahar va tumanlar sektorlari, huquqni muhofaza qiluvchi hamda boshqa tashkilotlar rahbarlari ishtirokida ichki ishlar organlarining xizmat faoliyatiga oid tezkor yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda dastlab tashkiliy masala ko‘rildi. Polkovnik Ismailov Timur Kamalatdinovich Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. T.Ismailov 1983-yil Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida tug‘ilgan. Tayinlovga qadar Ichki ishlar vazirligi Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.

Eslatib o‘tamiz, viloyat Ichki ishlar boshqarmasining avvalgi boshlig‘i polkovnik Abduvoxid Ismoilov kuni-kecha Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlangandi. Yig‘ilishda so‘zga chiqqan viloyat faollari va nuroniylar Abduvoxid Ismoilovning Surxondaryodagi samarali faoliyati uchun minnatdorchilik bildirishdi.

Yig‘ilishda, shuningdek, viloyatda tizimda erishilayotgan ijobiy o‘zgarishlar e’tirof etilib, hududlarda yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar sanab o‘tildi. Aholining kunlik ijtimoiy-maishiy muammolarini “fuqarobay” hal etish, jinoyatchilikni “mahallabay” jilovlash borasida amalga oshirilgan ishlar, jamoat xavfsizligini mustahkamlash borasida kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi.

Kriminogen og‘ir vaziyatdagi mahallalarda qattiq nazorat o‘rnatish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish bo‘yicha Ichki ishlar boshqarmasining yangi rahbari va tizim mas’ullariga vazifalar yuklandi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.