Ulug‘bek Qosimov: “Bemorlarga bepul berilishi lozim bo‘lgan dorilarning manziliga yetib bormasligi sabab odamlarimiz tibbiyotdan norozi”
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Qiziriq tumaniga tashrif buyurib, tibbiyot, madaniyat, ma’naviyat, mahalla va umumta’lim maktabida bo‘ldi. Aholi salomatligini ta’minlash, madaniy sohadagi ishlar, “Ma’naviyat sektori”ning tashkil etilishi, mahalla “yettiligi” faoliyati hamda maktablarda ta’lim-tarbiya jarayonlarining borishi bilan tanishildi.
Dastlabki manzilda viloyat rahbari “Mehnatobod” oilaviy poliklinikasida patronaj xizmati faoliyati bilan tanishdi. Aniqlangan kasalliklar dinamikasi hamda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, hisobga olingan bemorlar ro‘yxati bilan tanishgan viloyat rahbari tizimda ishlarning qoniqarsizligi, aniqlangan kasalliklar bilan bemorlarning davolanish ko‘rsatkichlari turlicha ekanligini tanqid qildi. Shuningdek, aholiga bepul berilishi kerak bo‘lgan dori-darmonlarning yetkazilishi tizimli emasligiga to‘xtaldi.
– Ming afsuski tibbiyot sohasida shunday holatlar borki, aholimizning haqli e’tirozlariga, ularning tizimdan noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Kasalligi sababli ro‘yxatda turadigan, bepul dori-darmonlar bilan ta’minlanishi kerak bo‘lgan bemorlar hatto o‘zlariga dorilar ajratilayotganligini ham bilmasdan qolmoqda. Achinarlisi, bunga mas’ul bo‘lganlar esa talabni hisobni olmay, har oyda turli xil dorilarga buyurtma berib kelgan – deya ta’kidladi tizimdagi holatlardan qattiq norozilik bildirgan viloyat rahbari.
Dori-darmonlarni buyurtma berishdan toki bemorga yetib borishigacha bo‘lgan tizimni to‘liq isloh qilish, kamchiliklarni bartaraf etish, bunda fuqarolarga berilishi kerak bo‘lgan dorilarni yetkazib bermaganlarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rish yuzasidan vazifalar belgilab berildi. Patronaj xizmati ko‘rsatish sifatini yaxshilash maqsadida planshet va tibbiy-asbob uskunalar jamlangan tibbiyot sumkalari topshirildi.
Shundan so‘ng, “Mehnatobod” madaniyat markazida tashkil etilgan “Ma’naviyat sektori” faoliyati bilan tanishildi. Amalga oshirilgan ishlar ko‘zdan kechirilib, shu yerning o‘zida viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari rektorlari bilan sektor faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish va uning asosiy vazifalari xususida fikr almashildi. Mas’ullarga bir hafta muddatda ushbu yo‘nalishda kengaytirilgan seminar tashkil etish hamda har bir davlat xizmatchisining vazifalarini ko‘rsatib o‘tish vazifasi topshirildi.
Keyingi manzil, “Qorasuv” mahallasi bo‘ldi. Mahalla idorasida tuman sektor rahbarlari og‘ir hudud toifasi sifatida tanlab olingan beshta mahallada amalga oshirilayotgan ishlar, infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha kelgusidagi rejalar yuzasidan axborot berdi. Shundan so‘ng viloyat rahbari mahalla “yettiligi” faoliyati bilan tanishdi. Ularning hisobotlarini tingladi.
Viloyat hokimi tumandagi 18-sonli maktabda ham bo‘lib, harbiy-Vatanparvarlik tadbirlarida ishtirok etdi. Maktabda shahar va tumanlarning ta’lim sohasiga mas’ul bo‘lim boshliqlari hamda mutasaddilari o‘zlashtirishi past o‘quvchilar bilan ishlash va “Ma’naviyat sektori”ni tashkil etish yuzasidan taqdimot qilishdi. Viloyat hokimi taqdimotdan keyin maktabning o‘zlashtirishi orqada qolayotgan o‘quvchilari hamda ularning o‘qituvchilari bilan suhbatlashdi. Bolalarni darslarga qiziqtirish, xorijiy til va kasb-hunar o‘rgatish bo‘yicha yosh o‘qituvchilarning takliflari tinglandi.
O‘quvchilar viloyat rahbaridan maktabda taniqli sportchilar bilan uchrashuvlarni tashkil etishda amaliy yordam so‘rashdi. Joriy yil 29-fevral kuni taniqli bokschimiz Bahodir Jalolov bilan uchrashuv tashkil etilishiga kelishib olindi. Maktab uchun kitoblar jamlanmasi, sport anjomlari topshirildi.
Tumanga tashrif yakunida ichki ariqlarni betonlash, dalalarni shudgorlash, tinim davrida mahalliy o‘g‘itlarni chiqarish, g‘alla parvarishi borasida olib borilayotgan ishlar bilan ham tanishilib, tuman mutasaddilariga tegishli vazifalar belgilab berildi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz