“Boysun bahori” xalqaro folklor festivaliga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishildi
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Boysun tumaniga tashrif buyurib, avtomobil yo‘llarini qurish bo‘yicha loyihalar taqdimoti, ishlarning borishi, “Boysun bahori” festivaliga tayyorgarlik jarayonlari hamda kasb-hunar maktabi faoliyati bilan tanishdi.
Xususan, Surxondaryo viloyati hududidan o‘tuvchi 4R-105 “Darband-Boysun-Elbayon” avtomobil yo‘lining 5-70 km va 4R-100 “Mang‘uzor-Jarqo‘rg‘on-Bandixo-Oltinsoy-Denov” avtomobil yo‘lining 128-174 km qismlarini rekonstruksiya qilish loyihasi taqdimot qilindi. Shuningdek, ushbu yo‘llarda amalga oshirilgan qurilish-ta’mirlash ishlari yuzasidan axborot berildi. Viloyat rahbari ikkala yo‘lning ahamiyati, birinchi navbatda aholi kayfiyatiga ta’sir etishini inobatga olib, ishlarni sifatli amalga oshirib, odamlarimizning roziligini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Joriy yilda Surxondaryoda har ikki yilda o‘tkaziladigan “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali bo‘lib o‘tadi. Festivalning xalqaro darajadagi ahamiyatini inobatga olib, tayyorgarlik ishlari o‘tgan yildan boshlangan. Bu yilgi festival tadbirlari tumanning “Bibishirin” mahallasida qurilgan, umumiy qiymati 47,0 mlrd so‘mlik turizm kompleksida o‘tkaziladi. Viloyat rahbari kompleksga tashrif buyurib, mutasaddilar bilan tayyorgarlik ishlarini ko‘zdan kechirdi.
Xalqaro folklor festivalini o‘tkazish bo‘yicha tuzilgan ishchi guruhlar rahbarlari hududda konsert tomoshalari, ko‘rgazmalar, shahar va tumanlar qo‘rg‘onlari, markaziy sahna – amfiteatr joylashuvi, ularning bezatilishi, sport musobaqalarini tashkil etish, jarayonlarni OAV va ijtimoiy tarmoqlarda hamda xorij nashrlarida yoritishga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan axborot berishdi. Xalqimizning ko‘p asrlik qadriyatlari va an’analarini o‘zida tarannum etuvchi xalqaro folklor festivaliga puxta hozirlik ko‘rish hamda yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.
Ma’lumot uchun bu yilgi “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali may oyining birinchi o‘n kunligida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Shundan so‘ng, viloyat rahbari tumandagi 1-son kasb-hunar maktabida Germaniya davlatiga ishga borish istagini bildirgan yoshlarga nemis tilini o‘qitish, IT dasturlash va grafik dizayn kurslari faoliyati bilan tanishdi. O‘quvchilar bilan suhbatlashib, ta’lim jarayonlari, qiziqqan sohalari bo‘yicha egallagan bilimlari hamda kelgusidagi rejalarini tingladi.
Shuningdek, xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularga kasb-hunar o‘rgatish maqsadida tashkil etilgan “Hunarmandchilik markazi” faoliyati va u yerda tayyorlangan milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘zdan kechirildi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz