Bandixon tumanida 150 ish o‘rniga ega korxona ishga tushirildi
Hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar va yangi loyihalar bilan tanishish, ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish maqsadida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Bandixon tumaniga tashrif buyurdi.
Tashrif avvalida tumanning “Chinor” mahallasi hududida “Bandixon agroklaster” MChJning umumiy qiymati 26 mlrd so‘m bo‘lgan, jami 150 ta ish o‘rni yaratilgan, paxtani dastlabki qayta ishlab, tola olish korxonasi ishga tushirildi. Viloyat rahbari tuman mutasaddilari hamda loyiha tashabbuskorlari bilan korxona faoliyati, paxtani qayta ishlash jarayonlari, o‘rnatilgan uskunalar bilan tanishdi.
Ushbu korxona MChJ tomonidan amalga oshirilayotgan loyihaning bir qismi bo‘lib, yana 450 ta ish o‘rni yaratiladigan paxta va sun’iy toladan ip-kalava ishlab chiqarish hamda tikuvchilik korxonalari qurilishi ham davom ettirilmoqda. Mazkur loyihalar qurilishini ham qisqa muddatlarda yakunlash va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish lozimligi qayd etildi.
Shuningdek, shu yerning o‘zida tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish hamda eksport ko‘rsatkichlarini oshirish bo‘yicha tuman mutasaddilari kelgusidagi rejalari va loyihalarni taqdimot qilishdi. Viloyat hokimi tadbirkorlikni rivojlantirish, tumanning iqtisodiy salohiyatini oshirish orqali aholi farovonligini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Shundan so‘ng, viloyat rahbari “Obod turmush shifo klinikasi” MChJ tomonidan 5 mlrd so‘mlik loyiha evaziga bunyod etilayotgan xususiy klinika qurilishi bilan tanishdi. Xususiy klinikada 35 ta ish o‘rni yaratish, kunlik 200 nafar bemorga xizmat ko‘rsatish hamda 25 ta statsionar davolanish o‘rinlarini tashkil etish loyihalangan. Klinika ishga tushgach fizioterapiya, EKG, UZD, stomatologiya, LOR, ginekologiya, nevrologiya, terapiya va biolaboratoriya kabi xizmat turlari tashkil etiladi hamda bemorlarga tashxis qo‘yish va davolash imkoniyatlari yaratiladi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz