Surxondaryolik yoshlar Germaniyada yuqori daromadli mutaxassilik ishlariga jalb qilinadi

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Shveysariyaning «Globogate Concept AG» kompaniyasi biznesni rivojlantirish rahbari doktor Yoxannes Meyer boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuv avvalida viloyat rahbari delegatsiya a’zolarini tashrif bilan qutlab, o‘zaro hamkorlikda ishlashdan mamnunligini ta’kidladi. O‘z navbatida mehmonlar ham yuqori darajadagi qabul hamda hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirdi. Muzokaralar davomida tajribali o‘rta tibbiyot xodimlarini Germaniyaga hamshiralik ishi va tibbiyot sohasidagi yuqori daromadli ishlarga jo‘natish masalalari muhokama qilindi.

Bunda kompaniya tomonidan dastlab, Termiz shahrida filial va nemis tilini “B2” darajasida o‘rgatuvchi o‘quv kurslarini tashkil etishga, keyinchalik boshqa tumanlarda ham kurslar faoliyatini yo‘lga qo‘yishga kelishildi. Shuningdek, kompaniya vakillari tanlab olingan nomzodlarni o‘qitish, Germaniyaga olib ketish hamda ishga joylashtirish masalalari ham hal etib berilishini qayd etdi. Viloyat rahbari kompaniyaga filial va til o‘rgatuvchi kurslar faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun joy va binolar kabi tashkiliy masalalar hal qilib berilishini ta’kidladi.

Bundan tashqari tanlab olingan nomzodlarning Germaniyada ish bilan ta’minlangandan so‘ng oilasining (Turmush o‘rtog‘i) borishi, ishga joylashishi kabi masalalar ham muhokama qilindi. Bu borada kompaniya tomonidan Germaniya ish beruvchilari bilan hamkorlikda yaqindan ko‘mak ko‘rsatilishi bildirildi.

Muzokaralar yakunida Surxondaryo viloyati hokimligi va «Globogate Concept AG» kompaniyasi o‘rtasida dastlab 100 nafar, keyingi bosiqchlarda 500 nafardan o‘rta tibbiyot xodimlarini Germaniyaga ishga yuborish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi.

Uchrashuvdan so'ng delegatsiya a’zolari Germaniyada ishlash istagini bildirgan o‘rta tibbiyot xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazib, filial va o‘quv kurslari tashkil etiladigan joylar bilan tanishishdi.

 

5 izoh

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.