“Boysun bahori” xalqaro folklor festivaliga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda

Har ikki yilda o‘tkaziladigan “Boysun bahori” joriy yil may oyining birinchi o‘n kunligida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Hozirda Boysun tumanida xalqaro festivalga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilayotgan bo‘lib, mahalliy va xorijlik mehmonlarni kutayotgan boysunliklar tuman markazidan tortib, festival o‘tkaziladigan kompleksgacha bo‘lgan hududda katta qurilish-ta’mirlash hamda obodonlashtirish ishlarini amalga oshirishmoqda.

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Boysun tumanida bo‘lib, amalga oshirilayotgan ishlar, tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishdi. Tashrif avvalida, “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali o‘tkaziladigan kompleksga boruvchi yo‘llar qurilishi, jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash borasida bajarilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi.

Kompleks hududida viloyat, shahar va tumanlar o‘tovlari, markaziy va qo‘shimcha sahnalar joylashuvi, transportlar to‘xtash joyi, mahalliy va xorijiy turistlarning kelib-ketishi uchun qulay bo‘lgan yo‘llar va yo‘laklar joylashuvi taqdimot qilindi. Viloyat rahbari avvalo xavfsizlik va jamoat tartibiga e’tibor qaratish lozimligini qayd etdi. Mutasaddilarga bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarni belgilab berdi.

Shundan so‘ng, xizmat ko‘rsatish sohasida, jumladan, umumiy ovqatlanish joylari hamda mehmonxonalar tayyorgarligi, tuman markazi, undagi avtomobil yo‘llari va piyodalar yo‘laklarini tartibga keltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi. Ko‘chalar bo‘ylab qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarining holati o‘rganildi.

Mutasaddilarga yangi qurilayotgan mehmonxonalar va umumiy ovqatlanish nuqtalarida ishlarni jadallashtirish, festivalga qadar yakunlash, har bir yo‘nalish bo‘yicha puxta tayyorgarlik ko‘rish, xizmat ko‘rsatish sifatini belgilangan standart talablari darajasida bo‘lishini ta’minlash vazifasi topshirildi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.