Bugun Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov va viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov rahbarligida vazirlik va idoralar vakillari, viloyat, shahar va tumanlar sektor rahbarlari, viloyat hokimining tarmoqlar bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda mahallalardagi hokim yordamchilari, shuningdek, iqtisodiy kompleks tashkilotlari mas’ullari ishtirokida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Prezidentimizning vohaga tashrifida Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida belgilab berilgan topshiriqlari ijrosi, aholi bandligini ta’minlash, ularni biznesga jalb qilish hamda zarur shart-sharoitlar yaratish borasida 2024 yildagi muhim vazifalar, o‘rta shaharlar loyihasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Topshiriqlar ijrosi yuzasidan vazirlik va idoralar mas’ullari, viloyat hokimining o‘rinbosarlari hisobot berishdi. Joylarda aholini band qilish, tadbirkorlikka jalb qilish orqali kambag‘allikka qarshi kurashish borasidagi ishlar yuzasidan mahallalardagi hokim yordamchilarining axboroti, mavjud muammolar hamda takliflari tinglandi.
Mutasaddilarga viloyatning mavjud iqtisodiy-investitsiyaviy imkoniyatlarini ishga solgan holda yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yish, ish o‘rinlari yaratish, aholi turmush farovonligini oshirish yuzasidan qator vazifalar topshirildi.